
Nyu-York shahri meri Erik Adams O‘zbekistonga keldi
Mahalliy tadbirkorlar merga o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yirik hajmda yetkazib berish, eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar berdi.
© Фото: t.me/uzchamber AQSHning Nyu-York shahri meri Erik Adams O‘zbekistonga keldi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun Erik Adams Palata raisining maslahatchisi Umid Safarov, yetakchi tadbirkorlar hamda bir qator biznes uyushmalari vakillari bildan uchrashgan.
Uchrashuvda Umid Safarov tomonidan o‘zbekistonlik tadbirkorlarni AQSH kapital bozorlariga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasi bilan hamkorlik o‘rnatish, O‘zbekistonda AQSHning yetakchi universitetlari bilan biznes maktabi va akseleratsiya dasturlari yaratish, shuningdek, Toshkentda qo‘shma kasb-hunar kollejini ochish taklif etilgan.
Kichik biznes uyushmasi raisi Kamolat Mirzaaliyeva esa Nyu-York kichik biznes birlashmasi bilan hamkorlik o‘rnatish va mahalliy mahsulotlarni AQSH bozoriga eksport qilishda ko‘mak so‘ragan.
Tadbirkorlar tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amerika bozoriga yetkazib berishni kengaytirish, bioximyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va innovatsion loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirilgan.





