add

«O‘» bilan «u»ni adashtirgan bank, Jizzaxda qurilayotgan AESlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yashirgan statistika — 26 sentyabr dayjesti

26.09.2025 | 22:03482210

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«O‘» bilan «u»ni adashtirgan bank, Jizzaxda qurilayotgan AESlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi yashirgan statistika — 26 sentyabr dayjesti
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 6,7 foizga o‘sishi kutilmoqda 2025 yilda O‘zbekiston YAIM 6,7 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga o‘sishi kutilayotgani ta’kidlandi. Asosiy omillar sifatida kuchli ichki talab, ish haqi oshishi va migrantlar pul o‘tkazmalari hajmining ortishi ko‘rsatilgan. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar» hisobotida keltirib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sgan, xizmatlar sohasida esa o‘sish 8,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar aholi daromadlari va pul o‘tkazmalari 28,7 foizga ko‘payishi bilan izohlandi. Shuningdek, oziq-ovqat va metallurgiya ishlab chiqarishi kengaygani qayd etildi. Gaz qazib chiqarishdagi pasayish esa dunyodagi yuqori oltin narxlari bilan qoplangan. Hisobotda qayd etilishicha, 2026 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati biroz sekinlashib, 6 foizdan 5,2 foizga tushishi mumkin. Shu bilan birga, diversifikatsiya qilingan ishlab chiqarish va xorijiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lib qolishi ta’kidlanmoqda.   «Ipak yo‘li» banki rebrending amalga oshirdi O‘zbekistondagi «Ipak yo‘li» banki 2025 yildagi ikkinchi bank rebrendingi sifatida o‘z logotipini yangiladi. Bank minimalistik uslubda yangilangan logotipni taqdim etgan.  Bankning yangilangan logotipi yorqin rangi bilan avvalgisiga nisbatan tezda e’tibor tortadi. Biroq, unda jiddiy imlo xatolikni ko‘rish mumkin: bank nomidagi «YOʻLI» so‘zi «yuli» shaklida yozilgan. Bank esa xatolik bilan qilingan ushbu logotipdan allaqachon o‘z sayti boshqa hujjatlarida foydalanishni boshlagan.   Jizzaxda 2 ta katta va kichik quvvatli AESlar quriladi — Jamshid Xodjayev Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt bo‘lgan ikki katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt quvvatli ikki kichik atom elektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Rossiyaning hamkorligida olib boriladigan bu loyiha mamlakat tarixidagi ilk atom elektr stansiyasi bo‘lib, yangi energiya manbalarini ishlab chiqarish va milliy energetikadagi samaradorlikni oshirishni maqsad qilgan. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev 25 cyentyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Global atom forumida ma’lum qildi. Loyihada har biri 1000 MVt quvvatga ega ikkita katta reaktor va har biri 55 MVt quvvatli ikki kichik reaktor qurish ko‘zda tutilgan. Bu kombinatsiyalangan yondashuv 2,1 GVt asosiy quvvat ishlab chiqarish va manyovr imkoniyatlarini ta’minlaydi. Shuningdek, kichik modulli reaktorlar va katta reaktorlar o‘rtasidagi integratsiyalangan model ham rivojlantiriladi. Loyihaga ko‘ra, 2025 yil kuzda Jizzaxdagi kichik AES uchun kotlovan qazish ishlari boshlanadi. 2026 yilda birinchi beton quyish ishlari boshlanishi kerak. O‘zbekiston va Rossiya atom energetikasi bo‘yicha xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiqligini ta’minlash uchun MAGATE bilan hamkorlik qilmoqda.   Qashqadaryoda 1,5 mlrd kub metr hajmdagi yerosti gaz saqlash ombori quriladi Qashqadaryo viloyati Koson tumanida katta gazni yerostida saqlash inshooti barpo etiladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Energetika vazirligi Xitoyning China National Petroleum Corporation kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi, unga ko‘ra, inshoot «Qorabayir» koni negizida quriladi. Shartnoma asosida boshlang‘ich tadqiqotlar amalga oshirilganda, «Qorabayir» konining XII gorizonti GESI qurish uchun eng maqbul ob’ekt sifatida tan olingan. Ushbu «Qorabayir» konida rejalashtirilayotgan GESIda — 1 mlrd 500 mln kub metr hajmdagi aktiv tabiiy gazni saqlash imkoniyati yaratiladi. Vazirlik bog‘chadagi fojea ko‘lamini 10 barobar kamaytirib ko‘rsatgani fosh bo‘ldi Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlangan bog‘cha tarbiyalanuvchilari 1940 nafarni tashkil etmoqda. «Daryo»ga ko‘ra, bu raqamlar 26 sentyabr soat 10:00 dagi holat hisoblanadi. «Ovqatdan zaharlangani aytilayotgan 1940 nafar bolaning 1110 nafari shifoxonada davolanib, uyiga qaytarilgan. 21 nafari o‘rta og‘ir ahvolda qolmoqda. 809 nafari esa yengil ahvolda, holati yaxshi deyilmoqda», – deyiladi xabarda. Eng qizig‘i, kuni kecha Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga voqea sabab borgan vazirlik rasmiy munosabatda zaharlanishi oqibatida 109 nafar bola shifoxonaga yotqizilganini aytgan edi. Ammo «Daryo»ga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanidagi bo‘g‘chalarning o‘zida 413 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlanishdan shikoyat qilib shifoxonaga murojaat qilgan bo‘lsa, Bo‘ka tumanida bu ko‘rsatkich 537 nafarni tashkil qilgan. 430 nafar piskentlik bola og‘riqdan aziyat chekib, shifokorga murojaat qilgan bo‘lsa, Quyichirchiq tumanidan 64 nafar, Bekobod tumanidan 98 nafar, Olmaliq shahridan 285 nafar hamda Nurafshon shahridan 113 nafar bola tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. Yana vazirlik shifoxonaga yotqizilgan bolalarning salomatligi barqaror ekanini iddao qilgan edi. Ammo surushtiruv natijalari 21 nafar bola o‘rta og‘ir ahvolda qolayotganini ko‘rsatgan.

Teglar

Mavzuga oid