
Ob havoni bahona qilmasdan, sharoitga moslashib ish tutish zarur — Prezident
30.07.2025 | 14:3116674
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Davlatimiz rahbari xalqaro vaziyat kun sayin o‘zgarib borayotgani, yildan-yilga takrorlanayotgan ob-havo injiqliklari, “anomal issiq” va “anomal sovuq” degan tushunchalar odatiy holga aylanib ulgurganiga e’tibor qaratdi.

Davlat rahbari oxirgi uch yilda 250 ming gektar g‘alla va paxta yerlari oziq-ovqat yetishtirishga o‘tkazilgani, 160 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilgani hamda 1,5 mingta loyiha orqali 1 mlrd dollarlik oziq-ovqat sektorida investitsiyalar amalga oshirilganini ta’kidladi. Shuningdek, 100 ming tonna mahsulot saqlash, 70 ming tonna quritish, 46 ming tonna saralash va qadoqlash infratuzilmalari yaratilgani ma’lum qilindi.
Sohadagi islohotlar xalqaro darajada e’tirof etilmoqda — joriy oyda O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Kengashiga a’zo bo‘ldi. Prezident bu a’zolikni yangi loyihalar va sarmoyalar jalb etishda katta imkoniyat sifatida baholadi.
Yig‘ilishda xalqaro vaziyatdagi beqarorlik, iqlim sharoitidagi keskin o‘zgarishlar, issiqlik va sovuqlik kabi omillar har bir eksport bozorining mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Shu sababli, soha mas’ullari va hokimlar ob-havoni bahona qilavermasdan, sharoitga moslashib, issiq va sovuqqa, suvsizlikka chidamli mahsulotlar yetishtirishga o‘tishi zarurligi qayd etildi.
Joriy yilning birinchi yarmida oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 44 foizga oshib, 1 mlrd 326 mln dollarni tashkil etdi. Eksport yo‘nalishlari 16 ta yangi davlat bilan kengaygan bo‘lsa-da, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston hududlari bu sohada past ko‘rsatkichlar qayd etgan. Navoiy viloyati esa o‘tgan yilgi darajani ham ta’minlay olmagan.
Prezident ushbu hududlarga biriktirilgan Hukumat vakillari va mahalliy hokimlar faoliyatni kuchaytirishlari shart ekanini keskin ta’kidladi.





