
Odamlar ChatGPT'dan asosan kundalik masalalarda foydalanayotgani aniqlandi
17.09.2025 | 15:1023284
Yangi tadqiqot chat-botdagi so‘rovlarning katta qismi ish bilan emas, balki kundalik hayotiy masalalar bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi.
ChatGPT'dan foydalanishning asosiy qismi ishga aloqasi bo‘lmagan so‘rovlarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu haqda OpenAI kompaniyasi Harvard va Dyuk universitetlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan ilk keng qamrovli tahlilida ma’lumot berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil iyunida bunday so‘rovlar ulushi 53 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yil iyuliga kelib ularning hissasi 73 foizga yetdi. Shu davrda platforma haftasiga 700 million faol foydalanuvchiga chiqdi.
Tadqiqotga ko‘ra, odamlar eng ko‘p hollarda «amaliy tavsiyalar» uchun murojaat qilmoqda. Masalan, sport rejalarini tuzish, taomlar retseptlari, bolalar tarbiyasi, o‘qishga yordam yoki xobbilarga oid g‘oyalar kabi masalalar yetakchi toifa bo‘ldi.
Ikkinchi yo‘nalish — axborot qidirish bo‘lib, u ChatGPT’ni klassik qidiruv tizimlariga raqobatchi sifatida ko‘rsatmoqda. Uchinchi mashhur toifa esa turli matnlar yozish va tahrirlash bilan bog‘liq bo‘lib, elektron xatlardan tortib ijtimoiy tarmoqlardagi postlargacha qamrab oladi.
Shu bilan birga, stereotiplardagi kabi dasturlash asosiy yo‘nalish emas: u so‘rovlarning atigi 4,2 foizini tashkil etdi. Chat-botdan ko‘ngilochar ssenariylar yoki hissiy suhbatlar uchun foydalanish ulushi esa 2 foizdan oshmadi.
Muhim demografik o‘zgarishlar ham qayd etildi. Loyihaning dastlabki bosqichlarida foydalanuvchilarning qariyb 80 foizi erkaklar bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib gender tafovuti deyarli yo‘qoldi. Shuningdek, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda xizmatdan foydalanish keskin oshdi, bu esa texnologiyaning global va teng tarqalayotganini ko‘rsatadi.





