add

O‘FA «havoga uchiradigan» 340 ming dollar, chet elliklar uchun maxsus soliq va kelayotgan qish prognozi — 7 oktyabr dayjesti

07.10.2025 | 22:08138810

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘FA «havoga uchiradigan» 340 ming dollar, chet elliklar uchun maxsus soliq va kelayotgan qish prognozi — 7 oktyabr dayjesti
Qish qanday keladi? — iqlimshunos Erkin Abdulahatov prognozlarni ma’lum qildi Iqlimshunos Erkin Abdulahatovning aytishicha, bu yilgi kuz-qish mavsumi quruq va yog‘ingarchilik kam bo‘ladi. Yilning namlik zaxirasi kamaygan, dehqonchilik yerlarida suv tanqisligi sezilmoqda. Oktyabrda yog‘in miqdori me’yorning 50–80 foizigacha bo‘lishi kutilyapti, bu esa qishloq xo‘jaligi uchun xavfli holat. Abdulahatov Tinch okeanidagi “La-Ninya” hodisasi tufayli kelayotgan qish ham qurg‘oq bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Fevral–mart oylarida qisqa muddatli sovuq qaytishi ehtimoli bor. Uning ta’kidlashicha, 2026 yil qishloq xo‘jaligi uchun sinovli yil bo‘lishi mumkin. «O‘zgidromet» ma’lumotiga ko‘ra, oktyabrda havo harorati sentyabrga nisbatan 6–9 darajaga pasayishi mumkin.   Furqat tumani IIB sobiq rahbarlari ustidan jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda Farg‘ona viloyatida 34 yoshli Gulira’no Qosimova tahqirlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchilar — Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov. Ular shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, sha’nini kamsitish, turar joy daxlsizligini buzish va mansab vakolatini suiste’mol qilish moddalari bo‘yicha ayblanmoqda. Farg‘ona viloyati IIB jamoatchilikdan sud hukmi chiqarilmasdan turib xulosa qilmaslikni so‘rab, tergov va sud organlariga barcha materiallar taqdim etilganini ma’lum qildi. Senatning xavfsizlik qo‘mitasi ishni nazoratga olgan, Ombudsman esa barcha ishtirokchilarning qilmishi xolisona o‘rganilishi lozimligini ta’kidlagan.   Dollar arzonlashishi natijasida Toshkentda ijara narxlari qimmatladi Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar institutining sentyabr oyi tahliliga ko‘ra, AQSH dollarining so‘mga nisbatan arzonlashishi va talabning ortishi Toshkentda uy-joy ijarasi narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘mning mustahkamlanishi natijasida ayniqsa, dollarda ifodalangan ijara narxlari orta boshlagan. Shu bilan birga, lizing beruvchilarning bozordagi kutilmalar va talab o‘sishi fonida narxlarni oshirishi ijara bozorida qo‘shimcha bosim yaratgan. Sentyabr oyida ta’mirlangan uylar uchun o‘rtacha ijara narxi 1 xonali uy 16 dollarga qimmatladi – oyiga (318 dollardan → 334 dollarga) 2 xonali uy 18 dollarga qimmatladi – oyiga (394 dollardan → 412 dollarga) 3 xonali uy 20 dollarga qimmatladi – oyiga (477 dollardan → 502 dollarga) 4 xonali uy 19 dollarga qimmatladi – oyiga (537 dollardan → 556 dollarga) Eng arzon ijara narxlari Sergeli va Uchtepa tumanlarida qayd etilgan. Eng qimmat uylar Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan. O‘zbekistonda chet elliklar uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi Prezident farmoniga ko‘ra, belgilangan shartlarga javob beradigan xorijlik shaxslar O‘zbekiston hududidan tashqaridagi manbalardan olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi. Bu rejim mamlakatga investitsiyalar oqimini kuchaytirish, malakali mutaxassislarni jalb etish va ishbilarmon muhitni yanada ochiq qilishni maqsad qiladi. Maxsus soliq rejimida ishtirok etuvchi xorijliklar uchun qator talablar belgilangan. Ular 50 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘lashi va O‘zbekistondagi vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus kripto-birjada kripto-hamyon ochishi lozim. Shuningdek, ketma-ket 12 oylik davrda jami 30 kalendar kundan ortiq O‘zbekistonda bo‘lgan va mamlakat hududida turar joy ko‘chmas mulkiga egalik qiluvchi shaxslar soliq rezidentlari sifatida e’tirof etiladi. Bu ularga mamlakat ichida ham, xalqaro miqyosda ham soliq masalalarida qo‘shimcha qulayliklar yaratish imkonini beradi.   Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘FAni 340 ming dollar jarimaga tortdi Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) tartib-intizom qo‘mitasi 2–3 oktyabr kunlari qabul qilgan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 340 ming AQSH dollari miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, jarima 10 iyun kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvida qator qoidalar buzilgani uchun qo‘llanilgan. Asosiy sabab sifatida o‘yin tugagach, maydonga futbolchilar uchun mukofot sifatida BYD rusumidagi avtomobillar olib kirilgani ko‘rsatilgan. OFK reglamentiga ko‘ra, har bir mezbon mamlakat stadion ichida va atrofida faqat konfederatsiyaning rasmiy homiylari logotiplarini namoyon etishi mumkin. Boshqa tijoriy brendlarning reklama materiallari yoki mahsulotlarini maydon hududiga kiritish qat’iyan man etiladi. Shu qoidaga amal qilinmagani uchun O‘FA’ga yirik miqdorda jarima solindi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar o‘sha kuni futbolchilarga faqat kalitlar topshirilganida, ushbu mablag‘ni yo‘qotish ehtimoli bo‘lmas edi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘FA «havoga uchiradigan» 340 ming dollar, chet elliklar uchun maxsus soliq va kelayotgan qish prognozi — 7 oktyabr dayjesti | Vaqt.uz