
«O‘lim trassasi», «zapravka»da navbatdagi portlash va Soliq qo‘mitasi yechib olgan 400 mlrd so‘m — 13 avgust dayjesti
13.08.2025 | 22:0049287
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Toshkent yo‘llarini yana o‘lim trassasiga aylantirishmoqchi
Toshkent Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov shaharning yirik ko‘chalarida avtomobillar uchun maksimal tezlik chegarasini 80 km/soatga (+5) oshirishni taklif qildi. Unga ko‘ra, bu chora mahalliy va xorijiy tajriba tahlili, tirbandlik hamda YTHlarni kamaytirish maqsadida ilgari surilgan. Shu bilan birga, 12 ta ko‘chada bir tomonlama harakat joriy etish va 500 chorrahada svetoforlarni uzluksiz quvvat manbalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Deputatlar asosan qaror qachondan amalga oshirilishini so‘rash bilan cheklandi.
Taklif jamoatchilik va faollar tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Jurnalistlar Muhrim A’zamxo‘jayev va Dilshoda Shomirzayeva buni «jinnilik» va «o‘lim trassasi»ga qaytish deb atadi. Ularga ko‘ra, tezlik oshishi piyodalar, ayniqsa bolalar va keksalar hayotiga xavf soladi. YHXB esa yo‘llarda xavfsizlik ta’minlash vazifasini bajarmayotgani va YTH statistikasi ochiq emasligi tanqid qilindi. Mutaxassislar 80 km/soatdagi to‘qnashuv piyodalar uchun o‘lim xavfini 60 km/soatga nisbatan ancha oshirishini eslatmoqda.
Sho‘rchidagi gaz quyish shoxobchasida portlash yuz berdi
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi propan yonilg‘isi quyish shoxobchasida yong‘in chiqdi. Hodisa paytida yonilg‘i quyish jarayonida qoidalar buzilgani aytilmoqda. Hozir yetkazilgan moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda. Viloyat va tuman FVB rahbarlari voqea joyiga borib, vaziyatni shaxsan nazoratga olgan.
Bundan avval, avgust oyining o‘zida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ham yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in chiqqan edi.
Ilon Mask O‘zbekistonga kelishi mumkin
O‘zkosmos vakillari 2028 yilda Xalqaro astronavtika kongressi (IAC)ni Samarqandda o‘tkazish taklifi bilan O‘zbekiston nomzodini ilgari surgan. Agar ariza ma’qullansa, tadbirkor va SpaceX asoschisi Ilon Mask ishtirokchilar orasida bo‘lishi kutilmoqda, u an’anaviy ravishda kongressda maxsus vakil sifatida qatnashadi.
O‘zA xabariga ko‘ra, mazkur tadbir ko‘lami jihatidan global xalqaro forum hisoblanib unda har yili 10 mingga yaqin kosmik soha mutaxassislari va kompaniyalar ishtirok etadi.
Qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi. Fuqarolar endi qayerdan o‘tadi?
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidagi «Otukchu-avtomobil yo‘li» nazorat-o‘tkazish punkti vaqtincha yopildi. Chegaradan o‘tish uchun fuqarolar va transport vositalari vaqtincha «Apkan» chegara o‘tish punktiga yo‘naltiriladi.
Qayd etilishicha, kuchli suv oqimi tufayli «Otukchu-avtomobil yo‘li» (QR) — «Tul-avtomobil yo‘li» (O‘zR) nazorat-o‘tkazish punktlari orasidagi ko‘prik tayanch ustunlari yuvilib ketgani sababli, «Otukchu-avtomobil yo‘li» (QR) nazorat-o‘tkazish punkti shaxslar va transport vositalari o‘tishi uchun vaqtincha yopilgan.
Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilardan yechib olgan qariyb 400 mlrd so‘mni qaytaradi
Bugun, 13 avgust kuni Soliq qo‘mitasi ma’lumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik sababli 30,1 mingta soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda yechib olingan 399,3 mlrd so‘m mablag‘larning deyarli barchasi qaytarildi.
Qayd etilishicha, bugun soat 20:00 holatiga 25 568 ta sub’ektga 362,8 mlrd so‘m mablag‘lar qaytarib berilgan.
«Yuz bergan texnik nosozlik bartaraf etilib, soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larning deyarli barchasi qaytarildi», - deyiladi xabarda.





