add

O‘limlar, taqiq va bo‘g‘ilayotgan yordam: G‘azoda Isroil buzayotgan sulh oqibatlari statistikasi

Isroil o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirganidan beri 350 dan ortiq asosiy va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, muvozanatli ovqatlanish uchun muhim bo‘lgan go‘sht, sut mahsulotlari va sabzavotlarning kiritilishini taqiqlagan. Buning o‘rniga, gazaklar, shokolad, chips va salqin ichimliklar kabi to‘yimsiz oziq-ovqat mahsulotlariga ruxsat bergan.

O‘limlar, taqiq va bo‘g‘ilayotgan yordam: G‘azoda Isroil buzayotgan sulh oqibatlari statistikasi

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga bir oy to‘lganiga qaramay, Isroil deyarli har kuni hujumlar uyushtirib, kelishuvni buzmoqda va yuzlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Al-Jazeera nashri xabar berdi.

G‘azodagi hukumat matbuot xizmati xabar berishicha, Isroil 10 oktabrdan 10-noyabrgacha o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini kamida 282-marta buzgan. Hujumlar havo zarbalari, artilleriya va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘qqa tutish orqali amalga oshirilgan.

Xizmatning ta’kidlashicha, Isroil kuchlari tinch aholiga qarata 88-marta o‘q uzgan, «sariq chiziq»dan tashqaridagi turarjoy hududlariga 12-marta bostirib kirgan, G‘azoni 124-marta bombardimon qilgan va aholining mulkini 52-marta vayron qilgan. Bundan tashqari, so‘nggi bir oy ichida G‘azoda 23 nafar falastinlikni hibsga olgan.

Isroil shuningdek, hayotiy muhim insonparvarlik yordamini to‘sishda va uy-joylar hamda infratuzilmani yo‘q qilishda davom etmoqda.

O‘t ochishni to‘xtatish shartlari qanday edi?

29 sentabr kuni AQSH Falastin tomoni ishtirokisiz 20 banddan iborat taklifni e’lon qildi. Unda Isroilning G‘azodagi urushini to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish, yordam yetkazishni to‘liq tiklash va Isroil qo‘shinlarini uch bosqichda olib chiqish ko‘zda tutilgan.

Birinchi bosqichning asosiy shartlari:

·         Isroil va HAMAS tomonidan G‘azoda harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish;

·         Isroilning G‘azoga gumanitar yordam kirishini to‘smasligi;

·         HAMAS qo‘lidagi barcha garovdagilarni (tirik yoki o‘lik) ozod qilish;

·         Isroil qamoqlaridagi taxminan 2 000 nafar falastinlik mahbusni ozod qilish;

·         Isroil qo‘shinlarini «sariq chiziq»qa qaytarish.

Misr, Qatar va Turkiya vositachiligida 13 oktabr kuni 30 ga yaqin davlat vakillari, jumladan, AQSH prezidenti Donald Tramp boshchiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini imzolash uchun yig‘ildi.

Lekin Isroil ham, HAMAS ham marosimga qatnashmagan — bu esa kelishuvning haqiqiy natija berishiga shubha uyg‘otgan.

Arab nashrining ta’kidlashicha, Isroil Falastin davlatchiligiga yo‘l qo‘ymasligini e’lon qilgan, AQSH esa urush davomida Isroilga qurol yetkazib berishda va diplomatik himoya orqali qo‘llab-qavvatlashda davom etyapti.

Isroil deyarli har kuni G‘azoga hujum qilmoqda

Al Jazeera tahliliga ko‘ra, Isroil o‘t ochishni to‘xtatishning so‘nggi 31 kunining 25 kunida G‘azoga hujum qilgan. Ya’ni atigi olti kun davomida hech qanday zo‘ravonlik hujumlari, o‘lim yoki jarohatlar qayd etilmagan. 

Shunga qaramay, AQSH «o‘t ochishni to‘xtatish rejimi hali ham amal qilmoqda», deb da’vo qiladi.

Isroil hali ham falastinliklarni o‘ldirmoqda

10 oktabr — o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirgan kundan beri Isroil kamida 242 falastinlikni o‘ldirgan, 622 kishini esa jarohatlagan.

Eng qonli kunlar — 19 va 29 oktabr. O‘sha ikki kunda Isroil jami 154 kishini o‘ldirgan.

19 oktabr kuni Isroil ikki askari o‘ldirilganini bahona qilib, G‘azoda keng ko‘lamli bombardimon uyushtirdi va 45 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

29 oktabr kuni esa Isroil 109 kishini, jumladan, 52 bolani o‘ldirdi.

Tramp bu hujumlarni «qasos» deb atab, «Isroil zarba berishga haqli», dedi.

G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining 2023 yil 7 oktabrdan 2025 yil 10-noyabrgacha bo‘lgan umumiy statistikasi:

·         69 179 falastinlik o‘ldirilgan (shundan 20 179 bolalar)

·         170 693 kishi yaralangan

Isroil yordamni bo‘g‘ishda davom etmoqda

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, G‘azoga «to‘liq yordam darhol yetkazilishi» kerak edi. Ammo amalda bu bajarilmayapti. Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoga zarur oziq-ovqatning atigi yarmi kirib kelmoqda. Falastin yordam tashkilotlari koalitsiyasi esa o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bo‘yicha kelishilgan hajmning atigi chorak qismi yetkazilayotganini aytgan.

BMTning G‘azodagi gumanitar yordamni kuzatib boruvchi UN2720 Monitoring and Tracking Dashboard ma’lumotlariga ko‘ra, 10 oktabrdan 9-noyabrgacha atigi 3451 ta yuk mashinasi G‘azo sektori ichidagi belgilangan manzillariga yetib borgan.

Yuk mashina haydovchilarining aytishicha, yordam yetkazib berish sezilarli darajada kechikmoqda, chunki Isroil tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlar kutilganidan ancha ko‘proqqa cho‘zilyapti.

6-noyabr holatiga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish boshlanganidan beri G‘azoga kutilgan 15 600 ta yuk mashinasidan atigi 4 453 tasi kirgan.  Bu kuniga o‘rtacha 171 ta yuk mashinasini tashkil etadi, bu esa kirishi kerak bo‘lgan kunlik 600 ta yuk mashinasidan ancha kam.

Biroq, Oq uy 10 oktabrdan beri G‘azoga tijorat yuklari va gumanitar yordam ortilgan 15 mingga yaqin yuk mashinasi kirib borganini ta’kidlamoqda. Bu raqam falastinliklar va yordam tashkilotlari tomonidan keskin rad etilgan.

Bundan tashqari, Isroil 350 dan ortiq asosiy va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, muvozanatli ovqatlanish uchun muhim bo‘lgan go‘sht, sut mahsulotlari va sabzavotlarning kiritilishini taqiqlagan. Buning o‘rniga, gazaklar, shokolad, chips va salqin ichimliklar kabi to‘yimsiz oziq-ovqat mahsulotlariga ruxsat bergan.

HAMAS garovdagilarni ozod qildimi?

13 oktabr kuni, kelishuv talabiga ko‘ra, HAMAS 20 nafar isroillik asirlarni ozod qildi. Evaziga 250 falastinlik mahbusni va 1 700 nafar o‘g‘irlab ketilganlarni qaytarib oldi.

Kelishuvga ko‘ra, HAMAS, shuningdek, Isroil qo‘lida saqlanayotgan 360 nafar falastinliklarning jasadi evaziga 28 nafar isroillik asirlarning jasadini qaytarishi kutilmoqda.

10-noyabr holatiga ko‘ra, HAMAS 24 nafar isroillik asirning jasadini qaytargan, G‘azoda to‘rt nafar asirning jasadi qolgan. Guruh Isroil bombardimoni natijasida vayronalar ostida qolgan jasadlarni chiqarib olish uchun og‘ir texnikalar zarurligini ma’lum qilgan.

Isroil shu paytgacha 300 nafar falastinlikning jasadini qaytardi, ularning ko‘pchiligi mayib qilingan va tanasida qiynoq izlari mavjud. Ko‘plab jasadlar hali ham tanib bo‘lmas holatda qolmoqda.

Xalqaro huquq me’yorlarida o‘t ochishni to‘xtatish haqida nima deyilgan?

Lieber instituti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish deganda faol jang harakatlarini to‘xtatish yoki mojaroni joyida muzlatib qo‘yish tushuniladi, ammo bu xalqaro huquqda noaniq tushuncha hisoblanadi.

Harbiy harakatlarning to‘xtatilishi — «faol dushmanlik harakatlarini muzlatib qo‘yish» sifatida talqin qilinadi.

Agar o‘t ochishni to‘xtatish BMT rezolyutsiyasi yoki huquqiy majburiy kuchga ega shartnomaga asoslanmagan bo‘lsa, uning buzilishi xalqaro huquqni buzgan hisoblanmasligi mumkin — ammo u siyosiy kelishuvni buzadi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘limlar, taqiq va bo‘g‘ilayotgan yordam: G‘azoda Isroil buzayotgan sulh oqibatlari statistikasi | Vaqt.uz