
Olimlar Yer yadrosidan chiqayotgan ulkan yashirin oltin zaxiralarini aniqladi
26.05.2025 | 18:0028794
Havayi orollaridagi vulqon jinslari tarkibidan platina guruhiga mansub ruteniy topildi. Bu Yer yadrosidan yuzaga chiqayotgan qimmatbaho metallar harakatini isbotlaydi.

Yerning chuqur qatlamlarida ulkan yashirin oltin zaxiralari mavjud. Bunday xulosaga kelgan xalqaro geologlar guruhi Havayi orollaridagi vulqon jinslari tarkibini o‘rganar ekan, platina guruhiga mansub kamyob element – ruteniyni aniqladi. Ushbu natijalar «Nature» jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar fikriga ko‘ra, Yer qa’ridagi barcha qimmatbaho metallarning 99 foizi planetaning markazida — yadrosida joylashgan. Boshqa qatlamlardagi 1 foiz qism esa og‘ir elementlar gravitatsiya ta’sirida markazga cho‘kib ketganidan so‘ng qolganlardir. Yadroning ichki qismi Plutonga teng diametrga ega bo‘lib, qattiq holatda, tashqi qismi esa 2200 km quvur shaklidagi suyuq qatlamdan iborat.
Aynan shu suyuq metall qatlam elektr toklarini yuzaga keltiradi va Yerning magnit maydonini shakllantiradi. Ushbu magnit maydon sayyoramizni quyosh shamoli va kosmik nurlanishlardan muhofaza qiladi.
Tadqiqotchilarning yangi xulosasiga ko‘ra, ruteniy, oltin va platina yadrodan yuqoriga ko‘tarilayotgan bo‘lishi mumkin. Ular «mantiyaviy plyum» deb ataluvchi jarayon orqali Yer po‘stlog‘igacha yetib keladi. Bu plyum — Yer yadrosi va mantiya o‘rtasida yuzaga keladigan ulkan issiq magma oqimi bo‘lib, u materik plitalarini yorib chiqadi.
Misol tariqasida, Afrikadagi mashhur Sharqiy-Afrika yorig‘i ana shu jarayonning natijasidir. Olimlar bu jarayon qit’aning katta qismini ajratib yuborishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Kashfiyot Yerning ichki tuzilishi va undagi qimmatbaho metallarning harakati haqidagi nazariyalarni qayta ko‘rib chiqishga sabab bo‘lmoqda. Endi geologlar Yer yadrosini faqat geofizik emas, balki iqtisodiy jihatdan muhim manba sifatida ko‘rishadi. Bu esa kelajakda yangi qimmatbaho metallar konlarini izlashda tamoman yangi yondashuvlarni talab qiladi.





