
Oliy ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish: imkoniyatlar va xavflar
14.08.2025 | 08:4013044
Jahon universitet va maktablarida sun’iy intellektdan foydalanish muhokamasi tobora kuchaymoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, u o‘quv jarayonini yengillashtirsa-da, bilim sifati va axloqiy xavflar ham mavjud.

So‘nggi yillarda sun’iy intellekt (SI) ta’lim sohasida tobora keng qo‘llanilmoqda. U kundalik vazifalarni avtomatlashtirish, o‘quvchilarga tezkor yordam berish va ma’lumotlarga oson yetish imkonini bermoqda. Biroq, mutaxassislar fikricha, SI har doim ham ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi va ayrim xavflarni ham keltirib chiqaradi.
Ayniqsa, humanitar fanlar o‘qituvchilari SIdan foydalanishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ularning aytishicha, texnologiya talabalarning tanqidiy fikrlash va chuqur tahlil qilish qobiliyatini to‘liq rivojlantirmaydi. Shu bois, ko‘plab ta’lim muassasalari an’anaviy ochiq darslar, guruhli ishlash va mahalliy jamoalar bilan muloqotga ko‘proq urg‘u bermoqda.
Ba’zi o‘qituvchilar SI’ni o‘quv mavzusi sifatida qo‘llab, talabalar bilan birga uning qanday ma’lumot yig‘ishi, ulardan qanday foydalanishi va qaysi huquqiy-axloqiy masalalarni keltirib chiqarishi mumkinligini o‘rganmoqda. Bu yondashuv orqali talabalar texnologiyaning shaffof emasligi va xatolari uchun javobgarlikni aniqlash qiyinligini anglab yetadi.
Ta’lim jarayonida yana bir xavf — SI ma’lumotni inson uslubida taqdim etib, unga ishonch uyg‘otishidir. Hattoki noto‘g‘ri ma’lumot bergan hollarda ham. Bu esa tajribasiz talabalarning faktlar tekshiruviga yetarli e’tibor qaratmasligiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislarning xulosa qilishlaricha, ta’limning kelajagi SIdan to‘liq voz kechish yoki uni cheksiz qo‘llashda emas, balki har qanday texnologiyadan tanqidiy baholash ko‘nikmasini rivojlantirishda unumli foydalanishda yotadi.





