add

Oliygohlarga qabul jarayoni 5 iyundan boshlanadi

05.06.2025 | 09:0045553

5 iyundan O‘zbekistonda oliy va kasbiy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish uchun rasmiy qabul jarayoni boshlanadi. Bu yil ham qabul jarayoni «avval test, so‘ng tanlov» tamoyili asosida ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Oliygohlarga qabul jarayoni 5 iyundan boshlanadi

Birinchi bosqichda abituriyentlar my.uzbmb.uz sayti orqali 25 iyungacha onlayn ro‘yxatdan o‘tadi va test sinovlarida qatnashish uchun zarur parametrlarni tanlaydi. Odatda bu fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini o‘z ichiga oladi. Agar abituriyent kasbiy yoki ijodiy imtihon talab qilinadigan yo‘nalishni tanlasa, u holda alohida oliygoh, ta’lim tili va hudud ham belgilanadi.

Test sinovlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Abituriyentlar ballarini imtihondan keyingi kuni bilishlari mumkin. Imtihon natijalari asosida talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati 2-bosqich yakunlangandan so‘ng e’lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichda, kirish imtihonlari yakunlanganidan so‘ng 15 kun mobaynida abituriyentlar o‘zlari o‘qishni istagan oliygoh, ta’lim yo‘nalishi va shaklini tanlaydi. Ustuvorlik tartibi ham shu bosqichda belgilanadi.

Texnikumda o‘qish istagini bildirganlar esa oliygoh natijalari e’lon qilinganidan keyin 10 kun davomida o‘z tanlovini amalga oshiradi. Ularning natijalari ham bir hafta ichida ma’lum qilinadi.

«Qabul-2025» shtabi barcha OTMlarda tashkil etilgan. Shuningdek, vazirlikning 1006, agentlikning 1195 ishonch telefonlari yoki Telegram’dagi @EduuzuniversalBot orqali savollarga javob olish mumkin.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj abituriyentlar uchun davlat granti asosida qo‘shimcha parametrlar belgilangan. O‘tish ballining kamida 80 foizini to‘plaganlar saralab olinadi. Yuqori ball olganlar uchun foizsiz ta’lim krediti ham taqdim etiladi.

Teglar

Mavzuga oid

Oliygohlarga qabul jarayoni 5 iyundan boshlanadi | Vaqt.uz