add

Oltin 5000 dollargacha qimmatlashishi mumkin — Bank of America

16.10.2025 | 18:0021304

Bank of America tahlilchilari 2026 yilda oltin va kumush bozorlarida «to‘xtatib bo‘lmaydigan o‘sish» davri boshlanishini bashorat qilmoqda. Ularga ko‘ra, sarmoyaviy talabning keskin ortishi bu jarayonni tezlashtiradi.

Oltin 5000 dollargacha qimmatlashishi mumkin — Bank of America
Bank of America hisobotida keltirilishicha, 2026 yilda oltin narxi bir unsiya uchun 5000 dollarga, kumush esa 65 dollarga yetishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, global iqtisodiy beqarorlik va sarmoyaviy talabning 14 foizga oshishi bu o‘sishning asosiy drayveri bo‘ladi. Moliya muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusi yilda oltinning o‘rtacha yillik narxi 4438 dollar, kumushniki esa 56,25 dollar atrofida bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar tarixiy rekord bo‘lishi kutilmoqda. Bank of America avval ham oltinning 4000 dollargacha chiqishi ehtimolini aytgan edi, endi esa prognoz yanada yuqori ko‘tarilgan. 15 oktyabr kuni oltin narxi birinchi marta unsiyasi uchun 4200 dollarga yetdi, bu tarixiy ko‘rsatkich hisoblanadi. Kumush esa 1980 yildan beri ilk bor shunchalik yuqori darajaga chiqdi. Tahlilchilar buni Oq uyning noan’anaviy iqtisodiy siyosatlari, davlat qarzining o‘sishi va inflyatsiya 3 foiz bo‘lgan sharoitda foiz stavkalarini pasaytirish rejalari bilan bog‘lashmoqda. Bank of America’ning qimmatbaho metallar bo‘yicha bosh tahlilchisi Maykl Vidmer rahbarligidagi guruh sarmoyaviy talabning 14 foizga ko‘payganini asosiy omil sifatida ko‘rsatgan. Ular, hatto, oltin narxi 6000 dollargacha yetishi mumkinligini ham istisno qilmagan. «Bu qiyin, ammo mumkin bo‘lgan vazifa», deyiladi hisobotda. Shu bilan birga, bank qisqa muddatda bozorda konsolidatsiya xavfi saqlanib qolishini ta’kidlagan. Sentyabr oyida ETF orqali oltin investitsiyalari o‘tgan yilga nisbatan 880 foizga oshgan va umumiy 14 milliard dollarga yetgan. Bu holat bozorda qisqa muddatli pasayish ehtimolini kuchaytiradi. Kumush bozorida ham ijobiy dinamika kutilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, kumushga bo‘lgan umumiy talab 11 foizga qisqarishi mumkin, biroq taklif tanqisligi narxni yuqorida ushlab turadi. Shu bilan birga, quyosh energiyasi sohasidagi o‘zgarishlar kumush narxiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Quyosh panellarida ishlatiladigan kumush sarfi 2026 yilda rekord darajaga chiqishi prognoz qilingan.

Teglar

Mavzuga oid