add

Oltin kuzda maroqli dam olish: O‘zbekistondagi eng maqbul beshta lokatsiya

24.09.2025 | 17:30165211

Yoz jaziramasidan ko‘ra, kuzning mo‘’tadil va salqin ob-havosida dam olishni xohlovchilar ham ko‘p. Yaxshi va hamyonbop manzil esa hammaga kerak. Vaqt.uz O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi eng yaxshi dam olish maskanlaridagi narxlarni tahlil qildi.

Oltin kuzda maroqli dam olish: O‘zbekistondagi eng maqbul beshta lokatsiya
1. Amirsoy dam olish maskani Amirsoy Resort tog‘ kurorti 900 gektar maydonda, Toshkent viloyatining eng chiroyli va manzarali joylaridan birida, Tyan-Shan tog‘larining g‘arbiy qismida joylashgan. Maskanda hordiq chiqarish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, narxlar ancha qimmat. Bu yerda ko‘ngildagiday dam olish uchun anchagina pul jamg‘armasiga ega bo‘lish kerak. Kuz amirsoy Kurortda piyoda chiptalari narxi yoshga, chipta turiga va hafta kuniga qarab bir-biridan farq qiladi. Xususan, 4-14 yoshli bolalar uchun hafta kunlari narxlar 35 ming so‘mdan 110 ming so‘mgacha, dam olish kunlari esa 45 mingdan 125 ming so‘mgacha; 14-55 yoshlilar uchun esa 65 ming so‘mdan 220 ming so‘mgacha, dam olish kunlari 80 mingdan 250 ming so‘mgacha o‘zgaradi. Kuz oylarida kurortda soat 9:00 dan 17:00 gacha quyidagi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish mumkin:
  • Arqonlar shaharchasida sayr qilish (bolalarga 50-60 ming ; kattalarga 80-90 ming);
  • Kvadrotsikllarda uchish — 450 mingdan 850 minggacha;
  • Baykpass (velosiped uchish) —180 mingdan- 260 minggacha;
  • Qoyaga chiqish — 70 mingdan 120 minggacha.
Tunash uchun o‘rtacha sharoitdagi «Lye Chalet by Amirsoy» mehmonxonasiga kuniga 4 kishi uchun 3 mln 370 ming so‘m, premium tarifda esa 3 mln 870 ming so‘m to‘lash kerak bo‘ladi. Shuningdek, Amirsoy yaqinida bir qancha dachalar ham bor bo‘lib, ularda narxlar mehmonxonadagidan arzonroq. Xususan, Oqtosh oilaviy dachasida bir kun uchun 890 ming so‘m to‘lash talab qilinadi. 14-55 yosh oralig‘ida inson uchun chipta va barcha xizmatlarning eng arzon narxidan foydalanilgan, tushlik va kechki ovqat hisoblangan taqdirda 1 mlndan ortiq pul ketadi. Umumiy hisobda esa, bir kishiga bir kunga mehmonxonada turilsa, 1 mln 850 ming, eng arzon dachada turilsa, esa 1 mln 100 ming so‘mga tushadi.   2. Zomin dam olish maskani O‘zbekistonning eng so‘lim hududlaridan biri bo‘lib, «O‘zbekiston Shveysariyasi» nomi bilan mashhur. U Jizzax viloyatining tog‘li hududida, Turkiston tizmasining yon bag‘irlarida joylashgan. Zominda tabiat manzarasi, toza havo, yuqori sifatli mehmonxona xizmati evaziga narxlar ancha qimmat bo‘lib, bahor-yoz mavsumi uchun alohida, kuz-qish mavsumi uchun alohida belgilangan. Kuz zomin Maskanining rasmiy sahifasiga ko‘ra, 2025 yilda bir kishi uchun Wyndham mehmonxonasida qolish narxlari quyidagicha:
  • Standart — 1 mln 900 ming so‘m;
  • Polilyuks — 2 mln 200 ming so‘m;
  • Lyuks — 2 mln 500 ming so‘m.
Agar dam olish 6 kundan ko‘proqqa cho‘zilsa, maxus tarif rejasiga ko‘ra, kunlar arzonlasha boradi. Shuningdek, yanada yaxshi sharoit xohlovchilar uchun ushbu tariflar ham sharoit darajasiga ko‘ra, (Standard, Silver, Gold) kabi guruhlarga bo‘linadi. Bunday maxus sharoitda narxlar 3 mln 990 ming so‘mdan 11 mln 380 ming so‘mgacha bo‘ladi. Aniq bo‘ladiki, Zominda eng arzon dam olish 1 mln 900 ming so‘m, eng qimmati 11 mln 380 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, ziplayn (150 ming), kanatda uchish, shisha ko‘prikdan o‘tish ham alohida xarajatni talab qiladi.   3. Chodak dam olish maskani Chodak dam olish maskani Namangan viloyati Pop tumanida, Chodak qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, u Farg‘ona vodiysining eng mashhur tog‘li hududlaridan biri sanaladi. Chodakda yozda havo salqin, qishda esa yumshoq bo‘lgani uchun yilning istalgan faslida dam olishga qulay. Kuz chodak Dam olish maskanida narxlar ancha hamyonbop 300 mingdan boshlanib, 1,3 mlngacha davom etadi. Narxlar ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni, tabiat manzarasiga ko‘ra farqalanadi. Ovqatlanish, servis ichiga kirmaydi. Namangan shahridan Chodakka borish uchun o‘rtacha bir yarim soat vaqt ketadi, Toshkentdan esa avtomobil orqali 5–6 soatda yetib borish mumkin.   4. To‘dako‘l Соҳил dam olish maskani To‘dako‘l sohil Navoiy viloyatida joylashgan. Bu yerda cho‘milish, qayiqda sayr qilish, baliq ovlash kabi mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish mumkin. Bu maskan 10 ta 4 o‘rinli kempingdan iborat. Kurort rasmiy sahifasiga ko‘ra, To‘dako‘l Sohil dam olish maskaniga kirish bir kishi uchun 80 ming so‘m. Ushbu summa ichiga supa, qozon-o‘choq, idish-tovoq, shashlik qo‘rasi kiradi. Oilaviy bir kecha tunash narxi 800 ming so‘m. Bu servisga ovqatlanish kirmaydi. Kuz tudakul Dam olishga kelayotgan kishi o‘zi bilan taom pishirish uchun kerakli mahsulotlarni olib kelishi talab qilinadi. Sharoitlar, tabiat manzarasi, to‘lov summasiga qaraganda, To‘dako‘lda dam olish respublikaning boshqa dam olish maskanlaridan ancha arzonga tushadi.   5. Xonobod dam olish maskani Kuzda dam olish uchun yana bir ma’qul joy — Andijon viloyatigi Xonobod dam olish maskanidir. Hudud dengiz sathidan taxminan 850 metr balandlikda joylashgan. Sanatoriyda 180 o‘rinli zamonaviy korpus ishga tushirilgan, u yerda standart, yarimlyuks va lyuks xonalar mavjud. Kuz xonobod Sog‘lomlashtirish yo‘nalishida mineral vannalar, fizioterapiya, elektroforez, igna bilan davolash, galvanizatsiya, kosmetologiya, galoterapiya va boshqa tibbiy muolajalar taklif etiladi. 2 kishilik xonalar 450 mingdan 1 mln 100 minggacha, oila uchun 1 mln 120 mingdan 1 mln 160 minggacha belgilangan. Umuman olganda, dori-darmon, oziq-ovqatlarni hisoblaganda bir kishiga bir kunda 1 mln artofida summa sarflanadi.

* * *

Barcha dam olish maskanlarida kerak bo‘ladigan summalar ustida moliyaviy tahlil o‘tkazib, ularni quyidagi kategoriyalarga bo‘lish mumkin: Kamchiqim sayohat uchun: To‘dako‘l, Xonobod. O‘rta darajadagi sayohat uchun: Chodak. Premium sayohat uchun: Amirsoy, Zomin.   Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid