
Oltin narxi rekord o‘rnatishda davom etmoqda
14.10.2025 | 12:0016612
O‘zbekistonda oltin quymalari narxi keskin ko‘tarilishda davom etmoqdi. 14 oktyabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltinning bahosi 1 million 663 ming so‘mga yetdi — bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar bir kunda 2,6 foizga oshgan. Sentyabr oyi boshiga nisbatan o‘sish 18,7 foizni, yil boshidan buyon esa 48,6 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichlar jahon bozoridagi rekord darajadagi o‘sish bilan bog‘liq.
Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yil boshidan buyon oltin quymalari narxi 40 marta rekordni yangilagan. Mutaxassislar bu holatni xalqaro bozordagi noaniqliklar va dollarning qadrsizlanishi bilan izohlamoqda.
Jahon bozorida ham oltin narxi ilk bor 4 ming dollarlik chegaradan oshib o‘tdi. 14 oktyabr soat 9:00 holatiga ko‘ra, 1 troy unsiya oltin 4 ming 162 dollardan savdolanmoqda. Bu ko‘rsatkich investorlar xavfsiz aktivlarga bo‘lgan talabning kuchayganini ko‘rsatadi.
Markaziy bank ekspertlari oltinga bo‘lgan talab yaqin oylarda ham yuqori darajada saqlanishini ta’kidlamoqda. Narxlar o‘sishi ichki bozordagi investitsiya qiymatlariga ham ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.





