
Oltin narxi tarixiy rekordni yangiladi
07.10.2025 | 09:0148793
Birja ma’lumotlariga ko‘ra, Comex maydonida oltinning har unsiyasi 3980 dollardan oshib, 2025 yildagi eng yuqori darajaga yetdi.

6 oktyabr kuni Nyu York tovar birjasi (Comex)dagi savdolarda oltin narxi tarixiy rekord darajaga yetdi. Dekabr oyi fyucherslari 1,74 foizga qimmatlashib, har unsiya uchun 3980,2 dollargacha ko‘tarildi. Bir necha daqiqa ichida maksimal narx 3982 dollargacha yetdi, bu 1,79 foiz o‘sishni anglatadi.
Shu bilan bir vaqtda kumush narxi ham oshdi — dekabr oyidagi yetkazib berish shartnomalari 0,32 foizga qimmatlashib, har unsiya uchun 48,58 dollar darajasida qayd etildi.
Bloomberg agentligi tahliliga ko‘ra, 2025 yil davomida oltin narxi deyarli 50 foizga o‘sdi. Ekspertlar bunday rekord darajadagi o‘sishni iqtisodiy va geosiyosiy beqarorlik, ayniqsa, Donald Trampning AQSH prezidenti sifatida qayta saylanishi bilan bog‘lashmoqda.
Bozor ishtirokchilari fikricha, global siyosiy xavotirlar va geosiyosiy ziddiyatlar ortgan sharoitda investorlar xavfsiz aktivlar, jumladan, oltin va kumush sari yuzlanmoqda.
Shuningdek, AQSHda inflyatsiya darajasining yuqoriligi va Federal zaxira tizimi siyosati borasidagi noaniqlik ham qimmatbaho metallar bozoridagi o‘sishga turtki bo‘ldi. Mutaxassislar fikricha, agar jahon iqtisodiyotidagi beqarorlik saqlanib qolsa, oltin narxi yil oxiriga qadar 4000 dollardan ham oshib ketishi ehtimoldan xoli emas.





