
Oltin narxi yuqorilagan bir paytda davlat xarajatlarini ehtiyot bilan boshqarish zarur — XVJ
20.06.2025 | 14:2012502
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ijroiya kengashi O‘zbekiston bilan 2025 yilgi IV modda doirasidagi maslahatlashuvlar yakunlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiy siyosatiga doir bir qator muhim tavsiyalarni taqdim etdi. Asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va davlat xarajatlarida protsikliklikka yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.

XVJ ekspertlari inflyatsiyaga qarshi kurashda tashqi qarz olishda ehtiyotkorlik va oltin narxining yuqoriligi ortidan kelib chiquvchi xarajatlar o‘rtadagi muvozanatni buzmasligi kerakligini ta’kidlashdi. Davlat xarajatlarining oltin qiymatiga qarab keskin o‘sishi iqtisodiy notinchlik xavfini oshirishi mumkin.
Shu bilan birga, soliq tushumlarini YAIMga nisbatan ko‘paytirish va byudjet mablag‘larining samarali sarflanishini ta’minlash orqali xarajatlar imkoniyatini kengaytirish tavsiya etilgan. Shu asosda davlat xarajatlarini ustuvor sohalarga yo‘naltirish va samaradorlikni oshirish lozimligi ko‘rsatilgan.
XVJ, shuningdek, Markaziy bankning mustaqilligini kuchaytirish, almashuv kursining moslashuvchanligini oshirish va tijorat banklarining bozor tamoyillariga moslashuvini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Banklar tijorat asosida faoliyat yuritishi, davlat tomonidan beriluvchi imtiyozli kreditlar bosqichma-bosqich qisqartirilishi lozim.
Shuningdek, davlat korxonalarini xususiylashtirish jarayonini jadallashtirish, bozor tamoyillariga muvofiq tarzda liberallashtirish islohotlarini yakunlash va korrupsiyaga qarshi milliy strategiyani qabul qilish masalalari ham XVJ diqqat markazida bo‘ldi.





