add

O‘ndan ortiq vazirlik va idoralar Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tmoqda

21.08.2025 | 10:1017304

Yangi Toshkentda vaqtincha tashkil etilgan binolarda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar faoliyatini boshladi, qurilish jarayonlari esa izchil davom etmoqda. Bu haqda bugun, 20 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda qayd etilgan.

O‘ndan ortiq vazirlik va idoralar Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tmoqda
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shaharda jami 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda Energetika vazirligi ko‘chgani, Transport, Qurilish va Ekologiya vazirliklari ham yaqin kunlarda to‘liq ko‘chishi qayd etilgan. Yangi shahar qurilishiga 2023 yilda start berilgan bo‘lib, loyiha uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan qariyb 20 ming gektar yer ajratilgan. Konsepsiya Buyuk Britaniyaning «Cross-works» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda qurilish ishlari amalga oshirilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy uy-joy va infratuzilma yaratiladi. Hozirgi kunda shaharning yerosti muhandislik tarmoqlari qurilayotgani qayd etilmoqda. Issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi hamda telekommunikatsiya tarmoqlari kollektorlar orqali yer ostida o‘tkaziladi. Shuningdek, tunnellar, yerosti turargohlari va ekologik toza transport tizimi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Metro va elektrobus harakati uyg‘unlashtiriladi, piyoda va velosipedchilar uchun keng sharoit yaratiladi. Shu bilan birga, yangi shaharga mahalliy va xorijiy investorlar katta qiziqish bildirmoqda. Hozirga qadar auksion orqali sotilgan 13 ta tijoriy lot bo‘yicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Qurilish jarayonlarida 160 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanishi, kelgusida esa yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Buning uchun ta’lim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari hamda texnoparklar barpo etilishi rejalashtirilgan. Prezident loyihalarda investitsiyalarni keng jalb qilish, dam olish maskanlari va xizmatlar tizimini rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Teglar

Mavzuga oid