
OpenAI qiymati 500 mlrd dollarga yetdi va dunyoning eng qimmat xususiy kompaniyasiga aylandi
02.10.2025 | 19:206093
ChatGPTni yaratgan OpenAI aksiyalar sotuvini yakunlab, 500 mlrd dollar qiymatga baholandi. Bu natija bilan u SpaceX’ni ortida qoldirib, dunyoning eng qimmat xususiy kompaniyasi bo‘ldi.

Bloomberg nashri ma’lumotiga ko‘ra, OpenAI xodimlar ulushlarini sotish jarayonidan so‘ng kompaniyaning umumiy qiymati 500 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich SpaceX’ning (400 mlrd dollar) bahosidan yuqori.
OpenAI va bosh direktor Sem Altman boshchiligidagi jamoa Nvidia kabi yirik texnologiya kompaniyalari qatorida global sun’iy intellekt infratuzilmasini qurish va SI servislar yaratish bo‘yicha yetakchi hisoblanmoqda. Loyihaga trillionlab dollar sarflanishi kutilmoqda.
OpenAI 2015 yilda Sem Altman va Ilon Mask tomonidan tuzilgan. Mask 2018 yilda direktorlar kengashini tark etdi va 2023 yilda o‘zining xAI startapini ochdi. Keyingi yillarda Mask va OpenAI o‘rtasida to‘qnashuvlar kuchaydi. 2024 yilda u kompaniyaga qarshi sud ishi ochib, OpenAI Microsoft’ning yopiq kodli qo‘shma kompaniyasiga aylandi, deb tanqid qildi.
Avgust oyida xAI Apple va OpenAI’ni ChatGPT’ni iPhone operatsion tizimiga integratsiya qilish masalasi bo‘yicha sudga berdi. Maskning kompaniyasi bu qaror raqobat va innovatsiyalarga to‘sqinlik qilayotganini bildirdi.
Sentyabrda OpenAI Oracle bilan besh yillik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolab, 300 mlrd dollarlik hisoblash quvvatini xarid qildi. Bu tarixdagi eng yirik bulutli shartnomalaridan biri bo‘ldi. Shu fursatda Oracle asoschisi Larri Ellison dunyoning eng boy insonlaridan biriga aylandi.
Avvalroq Sem Altman neyron tarmoqlar insonlar bajara olmaydigan kashfiyotlarni amalga oshirishi, sun’iy intellekt 2030 yilga kelib inson qobiliyatidan oshib ketishini ta’kidlagani haqida xabar bergan edik.





