
O‘qishga kirolmagan abituriyentlar bo‘sh o‘rinlarga kontrakt asosida qabul qilinadi
08.08.2025 | 19:4016634
Prezident abituriyentlarni oliygohlarga qabul qilish tartibini kengaytirish, bitiruvchilarni ishga joylashtirish va yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev abituriyentlarga berilgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish tashabbusini bildirdi. Endi 5 ta oliygohni tanlab, birortasiga kirolmagan abituriyentning to‘plagan balli boshqa oliygohdagi bo‘sh o‘ringa mos kelsa, rektor uni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Bu davlat va xususiy oliygohlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytiradi.
Davlat rahbari hozirda ishsiz bo‘lgan 92 ming bitiruvchini ishga joylashtirish yo‘nalishlarini belgiladi. 20 ming bitiruvchi magistratura va ikkinchi mutaxassislikka, yana 20 ming nafar staj talab etilmaydigan ish o‘rinlariga joylashtiriladi. Biznes-inkubatorlar orqali 15–20 ming yosh tadbirkorlik, marketing, dizayn va AT xizmatlariga jalb etiladi.
Sanoatning kimyo, energetika, geologiya, avtosanoat, metallurgiya va farmatsevtika tarmoqlarida 10 ming mutaxassisni, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika va qurilish materiallarida 5–7 ming kadrni doimiy ishga qabul qilish imkoniyati bor. Qolaversa, transport, logistika, qurilish va kommunal sohalarda 6 ming, pedagogika, tibbiyot, ijtimoiy himoya va madaniyat muassasalarida 10 ming bitiruvchi band qilinadi.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun banklarga 300 million dollar resurs ajratildi. Ishga qabul qilingan bitiruvchilar soniga qarab tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit beriladi. Agar bitiruvchi 2 yil ichida ishdan bo‘shatilsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘tkaziladi. Bu tartib so‘nggi 3 yilda oliygoh tugatgan yoshlarga ham tatbiq etiladi.
Yig‘ilishda uyushmagan va tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga 9 ming yoshni zamonaviy kasb va tillarga o‘qitish, 31 ming yoshni to‘garaklar va sport tadbirlariga jalb qilish vazifasi yuklatildi.





