
O‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash tartibi o‘zgardi
2026 yil 1 avgustdan boshlab umumta’lim muassasalarida dars soatlari malaka darajasi va sertifikatga egalik ustuvorligiga qarab taqsimlanadi.

Adliya vazirligi 2025 yil 28 oktabr kuni 3271-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazgan qarorga ko‘ra, umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektatsiya qilish va tarif ro‘yxatlarini shakllantirish tartibiga o‘zgartishlar kiritildi. Qaror Ta’lim, Iqtisodiyot va moliya hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tomonidan qabul qilingan.
Yangi nizomga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan boshlab o‘qituvchilarga dars soatlari malaka darajalariga ko‘ra quyidagi ustuvorlik ketma-ketligida taqsimlanadi: avvalo oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilar, so‘ng milliy yoki xalqaro sertifikatga ega pedagoglar, keyin birinchi va ikkinchi malaka toifalilari. Ulardan keyin oliy ma’lumotli toifasiz o‘qituvchilar va qayta tayyorlash diplomiga ega mutaxassislar ustuvor hisoblanadi.
Shuningdek, o‘rindoshlik asosida ishlayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan uchinchi va undan yuqori kurs talabalari hamda boshlang‘ich sinflarda ta’lim berayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar ham belgilangan tartibda dars soatlariga jalb etilishi mumkin.
Boshlang‘ich sinflardagi dars soatlari taqsimlanishida o‘qituvchining aynan boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha bilimga egaligi yoki mazkur fanni o‘qitish metodikasini o‘zlashtirgani inobatga olinadi.
Nizomga muvofiq, har bir umumta’lim muassasasining pedagogik kengashi ikki ish kuni ichida dars soatlari taqsimotini ko‘rib chiqadi va 15 sentabrga qadar yakuniy tartibni tasdiqlaydi. Zarurat tug‘ilganda, kengash taqsimotni qayta ko‘rib chiqish huquqiga ham ega bo‘ladi.
Yangi tartib o‘qituvchilarning malaka va tajribasiga ko‘ra mehnatiga munosib baho berish, ta’lim sifati va raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 23 oktabrdagi «Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–190-sonli farmoni bilan Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etilgan edi. Shuningdek, yangi tashkil etilgan Kasbiy ta’lim agentligiga direktor tayinlandi.





