O‘qituvchilardan pul yig‘ishni buyurgan hokim o‘rinbosari ishdan olindi
Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Ramazon oyi bahonasida o‘qituvchilardan pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq bergan. Holat yuzasidan unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangandi.

Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari Anvar Rajabov Ramazon ehsoni bahonasida o‘qituvchilardan pul yig‘ish topshirig‘ini bergani ortidan ishdan olindi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Murodbek Davlatov ma’lum qildi.
Bildirishicha, Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-sonli umumta’lim maktabi pedagog xodimlaridan pul mablag‘i majburiy tartibda yig‘ilayotgani haqidagi xabar yuzasidan tayinlangan xizmat tekshiruvi yakunlangan. Tekshiruv viloyat hokimi nazoratida o‘tkazilib, holatlar kompleks tarzda o‘rganilgan, hujjatlar tahlil qilingan va mas’ul shaxslarning tushuntirishlari olingan. Natijada Jarqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari Anvar Rajabov tomonidan berilgan ko‘rsatma amaldagi qonunchilik talablariga zid ekani, xususan, ixtiyoriylik tamoyili buzilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, xizmat tekshiruvi xulosasiga muvofiq Anvar Rajabov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shu bilan birga, uning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tekshiruv materiallari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Voqea qanday sodir bo‘lgan edi?
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi 33-umumta’lim maktabi o‘qituvchilari majburiy pul yig‘ish bo‘yicha topshiriq berilgani haqida shikoyat qilgan. O‘qituvchilarga 20-fevral kuni direktor tomonidan maktabning «Telegram»dagi guruhida «tezkor topshiriq» berilgan. Unda direktor o‘qituvchilar har biri 25 ming so‘mdan yetkazishi kerakligini tayinlagan. 1 mln so‘m hokimiyatga olib borilishi kerakligi yozilgan. Maktab direktori topshiriqni bergan hokim o‘rinbosari sifatida Anvar Rajabov ismini keltirgan.
Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bunga munosabat bildirib, boshqarma hamda Jarqo‘rg‘on tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalari xodimlaridan pul mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha hech qanday topshiriq yoki ko‘rsatma berilmaganini ma’lum qildi.
Kecha, 28-fevral kuni Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi holat yuzasidan tegishli idoralar mas’ullari ishtirokida xizmat tekshiruvi o‘tkazilganini e’lon qildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra mansabdor shaxs tomonidan berilgan ko‘rsatma amaldagi qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq kelmagani aniqlangani, unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy chora qo‘llanilgani bildirildi.





