add

«Orzudagi armiya uchun»: Tramp AQSH harbiy budjetini misli ko‘rilmagan darajada oshirmoqchi

Kecha 09:272 daqiqa

Donald Tramp 2027-yilda AQSH harbiy budjetini 1,5 trln dollargacha oshirishni rejalashtirmoqda, bu so‘nggi 70 yildagi eng keskin o‘sish hisoblanadi.

«Orzudagi armiya uchun»: Tramp AQSH harbiy budjetini misli ko‘rilmagan darajada oshirmoqchi

AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat harbiy xarajatlarini rekord darajada oshirish rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2027 yilda Pentagon byudjeti 1,5 trln dollarga yetkaziladi. Bu joriy yildagi 901 mlrd dollarlik harbiy xarajatlarga nisbatan qariyb 1,5 barobar o‘sishni anglatadi va AQSH tarixida 1950-yillardan beri kuzatilmagan ko‘lam hisoblanadi.

Trampning ta’kidlashicha, bu qaror senatorlar, kongressmenlar va vazirlar bilan «uzoq va murakkab muzokaralar»dan so‘ng qabul qilingan. Qo‘shimcha mablag‘lar, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHga qarshi joriy etilgan tariflar hisobidan qoplanadi. Prezident ushbu rejani «orzudagi armiya»ni barpo etish va mamlakatni barcha tashqi tahdidlardan himoya qilish bilan izohladi.

Oxirgi marta AQSH harbiy byudjeti bunchalik tez sur’atda 1951 yilda oshirilgan edi. O‘sha paytda Koreya urushi tufayli xarajatlar 50 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilgan. Hatto «sovuq urush» avj olgan davrda, Ronald Reygan ma’muriyati yillarida ham harbiy budjet bunday keskin o‘smagan.

Yangi xarajatlar Tramp ma’muriyatining bir qator yirik harbiy dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Ular orasida «Oltin qubba» deb nomlangan raketaga qarshi mudofaa tizimi hamda harbiy-dengiz kuchlarini yangilashga qaratilgan «Oltin flot» loyihasi bor. Birinchi dastur qiymati 175 mlrd dollarga baholanmoqda, ikkinchisi esa 25 ta yangi harbiy kemani qurishni nazarda tutadi.

Biroq rejani amalga oshirish uchun Kongress roziligi talab etiladi. Respublikachilar ko‘pchilikni tashkil etsa-da, xarajatlar hajmi ayrim qonun chiqaruvchilarda shubha uyg‘otmoqda. Hozir AQSH mudofaaga YAIMning 3,5 foizini sarflamoqda, ayrim siyosatchilar esa bu ko‘rsatkichni kamida 4 foizga yetkazish kerakligini ta’kidlamoqda.

Mustaqil tahlil markazlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp rejalari 2035 yilgacha 5 trln dollarga yaqin qo‘shimcha xarajat talab qiladi. Tariflardan tushayotgan daromad esa bu miqdorni to‘liq qoplash uchun yetarli emas.

Teglar

Mavzuga oid