O‘shda Qirg‘iz-o‘zbek universitetining 3000 dan ortiq talabasi o‘qishdan chetlatildi
29.07.2025 | 13:454 daqiqa
Qirg‘izistonning O‘sh shahrida ta’limdagi korrupsiyaga qarshi kurash doirasida Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetining 3167 nafar talabasi o‘qishdan chetlatildi.

2024 yil oxiri va 2025 yil boshlarida ta’lim sohasidagi korrupsiyani kamaytirish maqsadida mamlakatning bir nechta oliygohlarida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Ushbu chora-tadbirlar doirasida faqat O‘sh shahrida 13 295 nafar talabaning o‘qishdan chetlatilgani ma’lum qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetida o‘qishdan haydalganlar soni 3167 nafarni tashkil etdi. Ushbu oliygoh Botirali Siddiqov nomiga atalgan bo‘lib, 1994 yilda oliy texnologiya kolleji sifatida tashkil etilgan, 1997 yilda esa universitet maqomini olgan.
Qolgan to‘rt oliy ta’lim muassasasida ham yirik sondagi talabalar o‘qishdan chiqarildi:
– O‘sh davlat universitetida — 3573 nafar,
– O‘sh texnologiya universitetida — 2754 nafar,
– O‘sh davlat pedagogika universitetida — 3629 nafar,
– Qirg‘iz milliy universiteti filialida — 172 nafar.
Chetlatishlar asosan darslarga qatnashmagan, akademik qarzdorligi bor yoki o‘qishda noqonuniy tartibda qatnashgan talabalarni qamrab olgan.
Bundan tashqari, Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetida ta’lim jarayonidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha tekshiruvlar olib borilmoqda. Ushbu universitetning gumanitar-pedagogika fakulteti dekani o‘tgan yili davlat imtihonlari paytida muntazam ravishda pora olgani uchun qo‘lga olingan edi.
Ayni paytda, Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi mazkur holatlarda oliygohlar rahbariyati va mas’ul shaxslarning javobgarligini o‘rganmoqda.
Avvalroq, Ishenali Arabayev nomidagi Qirg‘iz davlat universitetida rasman qabul qilingan ayrim xorijiy talabalar aslida mamlakat hududiga umuman kelmagani va tekshiruv natijasida 59 nafar xorijlik, shuningdek, ulardan 30 nafari o‘zbekistonlik talabalar universitetdan rasman chetlatilgani haqida xabar bergan edik.
Teglar: Qirg‘iziston, O‘sh, Qirg‘iz-o‘zbek universiteti, ta’lim, korrupsiya, chetlatilgan talabalar