
Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin
17.09.2025 | 18:2017053
Namanganda o‘tayotgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumi doirasida Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki rahbarlari bilan uchrashib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 sentyabr kuni Namangan shahrida Jahon bankining global direktori Luis Felipe Lopes-Kalva, Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir va OTB vitse-prezidenti Inmin Yang bilan uchrashdi. Bu haqda prezident axborot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon al-Jassir bilan muloqotda uzoq muddatli strategik sheriklik dasturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi. Suhbatda infratuzilma, ijtimoiy soha va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Loyihalar portfeli hozirda 5 mlrd dollardan oshgan bo‘lib, investitsiyalarning katta qismi xususiy sektorga yo‘naltirilgan.
Jahon banki global direktori Luis Felipe Lopes-Kalvani bilan uchrashuvda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini muhokama qilindi. Suhbatda kambag‘allikka qarshi kurash, ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, turizm va yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish masalalariga e’tibor qaratildi. Jahon banki bilan hamkorlik portfeli 14 mlrd dollardan oshib, O‘zbekiston mintaqadagi yetakchi sheriklardan biriga aylangani ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev OTB vitse-prezidenti Inmin Yang bilan uchrashuvda infratuzilma, «yashil» energetika, raqamli transformatsiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladi. Mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 14 mlrd dollarga yetgani ma’lum qilindi. Shuningdek, kelgusi yilda OTB Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish masalasi muhokama etildi.





