add

Otabek Bakirov davlat shifoxonalarining sotilishi haqida: «Masala Senatda ko‘rib chiqilishi kerak»

Bugun 17:151033 daqiqa

«Avval iqtisod…» tahliliy ko‘rsatuvi eksperti Otabek Bakirov davlat shifoxonalarining sotilishi masalasini ko‘tarib, bu ishni Senat darajasida muhokama qilishni taklif qildi.

Otabek Bakirov davlat shifoxonalarining sotilishi haqida: «Masala Senatda ko‘rib chiqilishi kerak»

«Avval iqtisod…» tahliliy ko‘rsatuvi eksperti Otabek Bakirov davlat shifoxonalari taqdiri bilan bog‘liq vaziyatga jamoatchilik e’tiborini qaratdi. Uning ta’kidlashicha, onkologiya yo‘nalishidagi ayrim davlat shifoxonalarining faoliyati yangi respublika markaziga ko‘chirilishi ortidan to‘xtatilmoqda. Bu esa mazkur muassasalar yerlari va binolarining tijoriy maqsadlarda sotib yuborilishi xavfini kuchaytiradi.

«Meni bu juda ham qattiq xavotirga soladi. Sababi nima? O‘sha joylar, ya’ni tijoriy sub’ektlarga sotib yuborilishi bilan bog‘liq xavotir. Men doim aytadigan narsam, davlat shifoxonalari tijoriylashtirilmasligi kerak. Chunki aholimiz o‘sib boryapti, aholimiz yiliga 600–800 mingga ko‘paymoqda. Toshkent shahrida aholi o‘sayapti, tibbiyot muassasalariga talab o‘sayapti. Tushunyapsizmi? Albatta, biz borini hech bo‘lmasa saqlab qolishimiz kerak. Shuning o‘rniga biz borini yo‘qotib turib, tijoriylashtirish yo‘lidan yuryapmiz.

Bilmayman, u yerda ertaga sotib oladigan tadbirkorlar, qanday moral bilan u yerda tadbirkorlik faoliyatini ochadi. Qaysi moral bilan shu qaror qabul qiluvchilar shu shifoxonalarni sotyapti, buni ham bilmayman. Men istayotgan narsa, hech bo‘lmaganda shu onkologiya yo‘nalishi bo‘lmasa, boshqa yo‘nalishda, bizga zaruriyatda yuqori ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yo‘nalishda shifoxonalarni saqlab qolish kerak-da», — dedi u.

Iqtisodchi, shuningdek, bo‘shab qolayotgan shifoxonalar negizida aholi uchun o‘ta zarur bo‘lgan muqobid yo‘nalishlarni saqlab qolish mumkinligini bildirdi. Xususan, og‘ir kasalliklarning oxirgi bosqichidagi bemorlar bilan ishlaydigan hospislar Toshkent shahrida deyarli yo‘qligi, bu esa alohida ijtimoiy muammo ekaniga urg‘u berildi.

«Yoki ko‘p marta gapirilyapti, hospislar tashkil qilish to‘g‘risida-da. Shu [og‘ir kasallikning] oxirgi bosqichdagi bemorlar bilan ishlanadigan tuzilmalar Toshkent shahrida yo‘q. Hospislar tashkil qilishimiz mumkin. Shu imkoniyati ham bor, shunday imkoniyati bor», — dedi u.

Bakirov parlament saylovlari davrida davlat shifoxonalari yerlari va aktivlarini sotishni taqiqlash bo‘yicha qonun tashabbusi ilgari surilganini, ammo bu masala ochiq qolib ketganini eslatdi. U deputatlarni ushbu yo‘nalishda faolroq bo‘lishga chaqirdi.

«Bir yil avval, parlament saylovlari paytida «Adolat» partiyasi shu yaxshi tashabbus bilan chiqqan ediki, davlat shifoxonalarining yeri ham, aktivlari ham sotilishini taqiqlash to‘g‘risida. Kimki sotmoqchi bo‘lsa, o‘sha sotmoqchi bo‘layotganlarni jazolash to‘g‘risida bir qonun loyihasini taklif qilgan. Lekin o‘sha bir yil avvalgi gap so‘zligicha qolib ketdi-da.

Mana endi shunga parlamentdagi deputatlarimizni ham bir faolroq bo‘lishiga, masalaga befarq bo‘lmaslikka chaqirib qolaman-da», — dedi u.

Shu munosabat bilan Bakirov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyevaga murojaat qilib, masalani Senat nazoratiga olish, ijro hokimiyati vakillarini chaqirgan holda senatorlik so‘rovi yoki surishtiruvi o‘tkazishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror Toshkent aholisi va davolanishga muhtoj minglab fuqarolar uchun hayotiy ahamiyatga ega.

«Yana bizda yuqori palatamizda, senatimizda Toshkent shahridan saylangan senatorlarimiz bor. Misol uchun, senatimizning raisi Toshkent shahridan saylangan. Tanzila Kamolovna Norboyeva Toshkent shahridan saylangan. Shu Tanzila Kamolovna misol uchun, qaysidir masalaga e’tiborli bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha masalaning yechimi ijobiy hal bo‘lganini bir necha marta ko‘rganman-da.

Men hozirgi fursatdan foydalanib, shu Senatimizning raisiga ham shu masalani o‘z nazoratiga olib, chuqurroq masalani ko‘rishni yoki senatning qaysidir majlislarida bu ijro hokimiyatining vakillarini chaqirib, Senat so‘rovini, Senat surishtiruvini o‘tkazishini bir so‘ragan bo‘lardim.

Toshkent uchun kerak shu. Toshkentliklar uchun kerak. Qancha zahmat chekib, shu hayotdan umidini uzmay, ertangi kuni uchun umidini saqlab, davolanish istagidagi o‘zbekistonliklar uchun kerak», — dedi Bakirov.

Avvalroq Vaqt.uz yopilayotgan Toshkent shahar onkologiya dispanseridan reportaj tayyorlab, shiofokrlar va bemorlarga mikrofon tutgan edi. Ushbu shifoxona Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayorovning buyrug‘i bilan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markaziga qo‘shilyapti.

Teglar

Mavzuga oid

Otabek Bakirov davlat shifoxonalarining sotilishi haqida: «Masala Senatda ko‘rib chiqilishi kerak» | Vaqt.uz