add

«Otamdan qolgan dalalar» filmi nega taqiqlangani aytildi

21.08.2025 | 13:306394

Fanlar akademiyasi Tarix instituti rahbari, tarixchi Azamat Ziyo «Davra» podkastida «Otamdan qolgan dalalar» filmining namoyishdan nega to‘xtatilganini ochiqlab berdi.

«Otamdan qolgan dalalar» filmi nega taqiqlangani aytildi
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, tarixchi Azamat Ziyo «Davra» podkastida mashhur «Otamdan qolgan dalalar» filmining nega efirdan olib tashlanganiga oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillikdan keyin ham o‘zbek jamiyatida sovet davridan meros bo‘lib qolgan boshqaruv usuli uzoq yillar saqlanib kelgan. Azamat Ziyo ta’kidlashicha, o‘zbek xalqi mustaqillikdan keyin ham uzoq yillar sovet davridagi kabi boshqaruv tizimida yashagan. «Shavkat Mirziyoyev xalqimizni paxta qulchiligidan qutqarganini to‘la anglab yetmadik. Yuz yil davomidagi majburiy mehnat savodsiz avlodni vujudga keltirdi», dedi u. 1998 yilda davlat maslahatchisi bilan film premerasida qatnashganini eslagan Ziyoning aytishicha, «Otamdan qolgan dalalar» dastlab efirga uzatilgan, katta qiziqish uyg‘otgan, ammo ko‘p o‘tmay «qora ro‘yxat»ga tushgan. Uning fikricha, filmda tasvirlangan kolxoz tizimi, majburiy mehnat va koloniya belgilarining mustaqillikdan keyin ham saqlanib qolgani namoyish etilishi asosiy sabab bo‘lgan. Mashhur yozuvchi To‘g‘ay Murodning romani asosida Sho‘hrat Abbosov tomonidan 1997 yilda suratga olingan film XVIII–XIX asrlar voqealariga bag‘ishlangan. U qo‘qon xonligi va chor Rossiyasi davridagi og‘ir ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni haqqoniy tasvirlab, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan. Film dastlab ijobiy baholanib, milliy kino festivalida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Biroq mustamlakachilik davri hayotini chuqur ochib bergani sababli u hukumat uchun «noqulay» deb topilib, taqiqlangan. Shundan beri «Otamdan qolgan dalalar» o‘zbek kinosi tarixidagi eng muhim dramatik asarlardan biri sifatida tilga olinadi.

Teglar

Mavzuga oid

«Otamdan qolgan dalalar» filmi nega taqiqlangani aytildi | Vaqt.uz