Pedofillarga umrbod qamoq jazosi, issiqxonalarga soliq imtiyozlari va XVJning O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha yangi prognozi — 14-oktabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

XVJ O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozini yaxshiladi
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi bo‘yicha prognozini yaxshiladi. Jamg‘armaga ko‘ra, mamlakat YAIMi 2026 yilda 7,8 foizga, 2027 yilda esa 6,5 foizga o‘sadi. Avval bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 6,8 va 6 foiz deb baholangan edi. 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizga o‘sgan.
Shu bilan birga, XVJ inflatsiya prognozini ham oshirdi: 2026 yilda 6,9 foiz, 2027 yilda 5,7 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Jamg‘arma ishsizlik darajasi 2026 yilda 4,3 foizga, 2027 yilda esa 3,8 foizga tushishini taxmin qilmoqda. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi bo‘yicha prognoz ham yomonlashdi: u 2026 yilda YAIMning 5,1 foizini, 2027 yilda esa 4,6 foizini tashkil etishi kutilmoqda.
Sentyabrda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim tuzildi
2026 yil sentabr oyida O‘zbekistonda eskrou hisobvaraqlari orqali ko‘chmas mulk va transport vositalari oldi-sotdisi bo‘yicha 34 659 ta bitim rasmiylashtirildi. Bu avgust oyidagi 33 392 ta bitimga nisbatan 3,8 foizga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi. Sentyabrda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 16 711 ta, transport vositalari bo‘yicha esa 17 948 ta bitim qayd etildi.
Hududlar kesimida eng ko‘p bitim Toshkent shahrida rasmiylashtirildi — 10 711 ta yoki jami bitimlarning 30,9 foizi. Farg‘ona viloyatida 3 363 ta, Samarqand viloyatida 3 131 ta, Namangan viloyatida esa 2 404 ta bitim qayd etildi.
Tomorqa issiqxonalari uchun yer va mol-mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilishi mumkin
O‘zbekistonda tomorqa issiqxonalari uchun 2030 yilgacha yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilish hamda energiya tejamkor tizimlar iste’mol qilgan elektr energiyasi xarajatining yarmini qoplash taklif etilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahri va unga tutash hududlarda ekologik toza energiya manbalari va samarali uskunalarni joriy etish uchun 100 million so‘mgacha grant, yangi issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjudini qayta jihozlashga esa 150 million so‘mgacha imtiyozli kredit berish masalasi ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahri va unga tutash beshta tumanda issiqxonalar uchun ekologik talablarni kuchaytirish, qattiq yoqilg‘ida ishlayotgan xo‘jaliklarni 2026 yil 1-dekabrga qadar ekologik toza energiya manbalariga o‘tkazish taklif qilindi. 2026 yil 15-oktabrdan 2027 yil 15-martgacha ekologik monitoring o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, issiqxonalarni modernizatsiya qilish uchun gektariga 50 million so‘mgacha subsidiya va 3 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratish, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi «Surxon-Agro» erkin iqtisodiy zonasida 400 gektar maydonda issiqxonalar va agrologistika obyektlarini qurish taklif etildi.
Tojikiston O‘zbekiston bilan qo‘shma investitsiya kompaniyasining faoliyat shartlarini o‘zgartirmoqchi
Tojikiston parlamenti quyi palatasi 1-oktabr kuni O‘zbekiston bilan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyati shartlarini o‘zgartirishni ma’qulladi. O‘zgartishlar xorijiy valutadan foydalanish tartibi, texnologik uskunalar importida soliq va bojxona imtiyozlari hamda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini qamrab oladi. Kompaniya orqali lizing asosida uskunalar xarid qilish va ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilgan.
Kompaniya 2026 yil 1-oktabrga qadar umumiy qiymati 20,9 mln dollar bo‘lgan yettita investitsiya loyihasini tasdiqlagan, ularni amalga oshirish uchun 8,9 mln dollar yo‘naltirilgan. Loyihalar to‘liq amalga oshirilsa, 720 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. 2021 yilda tashkil etilgan kompaniyaning kapitali 2026 yil iyul oyida 50 mln dollardan oshgani ma’lum qilingan.
Prezident pedofillarga umrbod qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonunni imzoladi
Prezident bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Bunday jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatiga cheklov qo‘yilmaydi.
Qonun bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik va ularning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlar bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarga davlat hisobidan advokat yordami ko‘rsatish, ularni so‘roq qilishda vasiylik va homiylik organlari vakillari ishtirokini ta’minlash kabi qo‘shimcha kafolatlar belgilandi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 30-sentabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2-oktabrda ma’qullangan edi.





