Biznes xatlovi: tadbirkorlar nimalarni bilishi kerak?
15-oktabrdan biznesni ro‘yxatga olish tadbiriga start beriladi, jarayonlarda tadbirkorlardan qanday ma’lumotlar so‘raladi va ular soliq tekshiruvlariga sabab bo‘lishi mumkinmi? Vaqt.uz ushbu savollarga Milliy statistika qo‘mitasidan javob oldi.

Avvalroq O‘zbekistonda 15-oktabrdan 30-noyabrga qadar biznesni ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Tadbirdan asosiy maqsad mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishdan iborat. Ammo jarayonda qaysi iqtisodiy birliklar qamrab olinadi, tadbirkorlardan qanday ma’lumotlar so‘raladi va ularning maxfiyligi qanday ta’minlanadi? Vaqt.uz Milliy statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulovdan shu va boshqa savollarga javob oldi.
Biznesni ro‘yxatga olishda ishtirok etish majburiymi va tadbirkorlar jarayonda qanday qatnashadi?
Biznesni ro‘yxatga olish davlat miqyosida tashkil etilayotgan statistik tadbir bo‘lib, uning asosiy maqsadi mamlakatda amalda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklarni to‘liq qamrab olish, ularning faoliyat yo‘nalishlari, bandlik holati va asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlarni shakllantirishdan iborat.
«Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasida respondentlarning huquq va majburiyatlari belgilangan. Unga ko‘ra, statistik kuzatuvlarda ishtirok etish va ma’lumotlarni taqdim etish tartibi kuzatuvning turi hamda respondentning maqomiga qarab belgilanadi. Jumladan, ro‘yxatga olish jarayoniga monelik qilmaslik shartligi qonunda mustahkamlangan.
Tadbirkorlarning ro‘yxatga olishda ishtirok etishi ular mansub bo‘lgan toifaga qarab turli usullarda tashkil etiladi:
Respondentlarning asosiy qismi ro‘yxatga oluvchilar tomonidan faoliyat yuritayotgan manzillariga tashrif buyurilgan holda, yuzma-yuz so‘rov orqali qamrab olinadi. Olingan ma’lumotlar planshet yordamida elektron savolnomaga kiritiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar esa census.stat.uz axborot tizimi orqali savolnomani mustaqil ravishda onlayn to‘ldiradi.
Tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tish uchun statistika idoralari yoki boshqa tashkilotlarga borishi shart emas. Jarayon ularning toifasiga mos ravishda bevosita faoliyat joyida yoki elektron tizimlar orqali tashkil etiladi.
Muhim jihati shundaki, mazkur tadbir tadbirkorlik subyektini yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziya berish yoki soliq tekshiruvini amalga oshirish emas. Bu iqtisodiyotning haqiqiy holatini statistik baholashga qaratilgan umumdavlat tadbiridir.
Biznesni ro‘yxatga olishda qanday ma’lumotlar so‘raladi?
Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida barcha iqtisodiy birliklardan bir xil hajmdagi ma’lumotlar talab etilmaydi. Savolnomalar iqtisodiy birlikning tashkiliy-huquqiy shakli, faoliyat yo‘nalishi va o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda shakllantirilgan.
Yuridik shaxslar bo‘yicha korxonaning rasmiy va savdo nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, mulkchilik turi, amaldagi faoliyat manzili, filiallari, asosiy va qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari, ishchilar soni, internetdan biznes maqsadlarida foydalanish, eksport-import operatsiyalari kabi ma’lumotlar o‘rganiladi. Tegishli iqtisodiy kuzatuv savolnomasida moliyaviy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, jumladan, aylanma, xarajatlar va mahsulot zaxiralari haqida ham ma’lumotlar yig‘iladi.
Yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlar hamda hunarmandlar jismoniy shaxs sifatida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi iqtisodiy birliklar toifasiga kiradi. Shu bois ular uchun yagona savolnoma qo‘llanadi.
Ushbu toifadagi respondentlar bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari, faoliyat boshlangan yil, amaldagi faoliyat manzili, ishlab chiqariladigan mahsulotlar yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar, asosiy mijozlar toifasi, faoliyatda ishtirok etayotgan oila a’zolari va yollanma xodimlar soni, shuningdek, boshqa tegishli iqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida ma’lumotlar yig‘iladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar bo‘yicha ularning bandlik faoliyati va iqtisodiy faoliyat turiga oid tegishli ma’lumotlar yig‘iladi. Ushbu toifa uchun ma’lumotlarni elektron shaklda mustaqil taqdim etish mexanizmi ham nazarda tutilgan.
Dehqon va fermer xo‘jaliklari tegishli iqtisodiy kuzatuv savolnomasi orqali qamrab olinadi. Bunda qishloq xo‘jaligi faoliyatining xususiyatlari, ishlab chiqarish va iqtisodiy ko‘rsatkichlarga oid savollar qo‘llanadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘yicha ularning tashkiliy-huquqiy maqomi, faoliyat yo‘nalishi, joylashuvi, bandlik ko‘rsatkichlari hamda tegishli iqtisodiy faoliyatiga oid ma’lumotlar yig‘iladi.
Rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan shaxslar bo‘yicha esa amalda qanday iqtisodiy faoliyat olib borayotgani, qayerda ishlashi, qanday mahsulot ishlab chiqarishi yoki xizmat ko‘rsatishi hamda faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga oid ma’lumotlar aniqlanadi.
Shuningdek, ayrim savolnomalarda 2025-yilga oid yillik iqtisodiy ko‘rsatkichlar, jumladan, ishchilarning o‘rtacha soni, aylanma va xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar nazarda tutilgan.
Bunda savolnoma tarkibi respondent toifasiga qarab farqlanishini alohida aytish kerak. Masalan, yirik korxonadan talab etiladigan moliyaviy ko‘rsatkichlarning barchasi o‘zini o‘zi band qilgan shaxsdan so‘ralmaydi.
O‘zini o‘zi band qilganlar va norasmiy faoliyat yurituvchilar qanday aniqlanadi?
Biznesni ro‘yxatga olishda nafaqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari, balki amalda iqtisodiy faoliyat yuritayotgan, biroq mavjud rasmiy registrlarda to‘liq aks etmagan iqtisodiy birliklarni aniqlash ham asosiy vazifalardan biridir. Buning uchun ma’muriy ma’lumotlar va joylarda o‘tkaziladigan ro‘yxatga olish ishlari birgalikda qo‘llanadi.
Dastlabki ro‘yxatlarni shakllantirishda Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi va boshqa tegishli davlat organlarining ma’lumotlaridan foydalaniladi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning dastlabki ro‘yxati Soliq qo‘mitasidagi mavjud ma’lumotlar asosida shakllantiriladi.
Elektron savdo platformalari, ularga ulangan sotuvchilar va agregatorlarga oid dastlabki ma’lumotlarni shakllantirishda tegishli vakolatli tashkilotlarning ma’muriy axborotlaridan ham foydalanish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, mahallalarda hokim yordamchilari, hududiy statistika organlari va boshqa mas’ul xodimlar ishtirokida joylardagi iqtisodiy faoliyat qamrovi aniqlashtiriladi. Masalan, fuqaro uy sharoitida tikuvchilik bilan shug‘ullansa, buyurtma asosida oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlasa, maishiy xizmat ko‘rsatsa yoki internet orqali muntazam mahsulot sotsa, uning faoliyati tegishli ro‘yxatga olish mezonlariga javob bersa, iqtisodiy faoliyat sifatida qamrab olinadi. Bunda faqat tadbirkorlik subyektining rasmiy hujjatlarda mavjudligi emas, balki uning amalda iqtisodiy faoliyat yuritayotgani ham e’tiborga olinadi. Rasmiy ro‘yxatdan o‘tmagan iqtisodiy birliklarni aniqlashning asosiy maqsadi ularning faoliyatini tekshirish yoki huquqiy maqomini baholash emas, balki iqtisodiyotda amalda yaratilayotgan mahsulot va xizmatlar hamda bandlik ko‘rsatkichlarini to‘liqroq statistik hisobga olishdir.
Bir nechta faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi, mavsumiy ishlaydigan yoki vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan subyektlar qanday hisobga olinadi?
Bir vaqtning o‘zida bir nechta faoliyat turi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning asosiy va qo‘shimcha faoliyat yo‘nalishlari alohida aniqlanadi. Bunda asosiy faoliyat turi, birinchi navbatda, eng ko‘p qo‘shilgan qiymat yaratiladigan faoliyat asosida belgilanadi. Agar qo‘shilgan qiymatni aniqlash imkoni bo‘lmasa, eng yuqori aylanmaga ega faoliyat yo‘nalishi asosiy faoliyat sifatida qabul qilinadi.
Masalan, korxona bir vaqtning o‘zida mahsulot ishlab chiqarish, chakana savdo va yetkazib berish xizmatlari bilan shug‘ullansa, uning asosiy faoliyat yo‘nalishi belgilangan iqtisodiy mezonlar asosida aniqlanadi. Qolgan yo‘nalishlar esa qo‘shimcha faoliyat sifatida qayd etiladi.
Mavsumiy faoliyat yurituvchi korxonalar bo‘yicha faoliyatning mavsumiyligi inobatga olinadi. Bunday korxonalar yilning muayyan davrida ishlamasligi ularni avtomatik ravishda iqtisodiy faoliyat yuritmaydigan subyekt deb hisoblash uchun yetarli asos emas. Tegishli savollarda ularning amaldagi faoliyat holati va yillik ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritiladi.
Vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan subyektlar bo‘yicha esa hisobga olish sanasi muhim. Tadbir 2026-yil 1-oktabr holatiga o‘tkaziladi. Shu sababli aynan ushbu sanadagi faoliyat holati asosiy mezon hisoblanadi. Hisobga olish sanasidan keyin faoliyatini to‘xtatgan iqtisodiy birliklar ham belgilangan tartibda qamrab olinadi.
Uy sharoitida mahsulot ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar esa faoliyatining xususiyatiga qarab tegishli iqtisodiy birlik sifatida o‘rganiladi.
Umuman, mazkur yondashuv orqali iqtisodiy faoliyatning asosiy va qo‘shimcha yo‘nalishlari, mavsumiy xususiyatlari hamda amaldagi holati statistik hisobda to‘liqroq aks ettiriladi.
Bir nechta savdo nuqtasi, filiali yoki ishlab chiqarish obyekti bo‘lgan korxonalar qanday hisobga olinadi?
Biznesni ro‘yxatga olishda korxonalarning tashkiliy tuzilmasi, bosh ofisi, filiallari va alohida faoliyat yurituvchi bo‘linmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish nazarda tutilgan. Suhbat davomida iqtisodiy birlikning mustaqil korxona, bosh ofis, filial yoki boshqa turdagi bo‘linma sifatida faoliyat yuritayotgani aniqlanadi.
Agar korxonaning bir nechta savdo nuqtasi, ishlab chiqarish sexi yoki hududiy filiali mavjud bo‘lsa, ularning amaldagi joylashuvi va faoliyat xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan savolnoma asosida qayd etiladi.
Bunda har bir savdo nuqtasi yoki ishlab chiqarish manzilini avtomatik ravishda alohida yuridik shaxs deb hisoblash to‘g‘ri emas.
Masalan, bitta mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli uchta savdo do‘koni mavjud bo‘lsa, ularning har biri iqtisodiy faoliyat amalga oshirilayotgan joy sifatida o‘rganilishi mumkin. Biroq bu holat bir korxonaning uchta mustaqil yuridik shaxs sifatida hisoblanishini anglatmaydi.
Shuningdek, bosh ofis va filiallar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni takror hisobga olishning oldini olish muhim vazifalardan biridir. Buning uchun ma’muriy ma’lumotlar va savolnoma natijalari o‘zaro solishtiriladi, aniqlangan tafovutlarga tegishli tartibda aniqlik kiritiladi.
Natijada bir tomondan iqtisodiy faoliyat amalga oshirilayotgan barcha joylar to‘liq qamrab olinadi, ikkinchi tomondan esa korxonalar soni va iqtisodiy ko‘rsatkichlarda takroriy hisobga olish holatlarining oldi olinadi.
Biznes xisobi yakunlangach, kuzatilmaydigan iqtisodiyot ko‘lami qayta baholanadimi?
Bugungi kunda iqtisodiy faoliyatning ayrim yo‘nalishlari mavjud ma’muriy va statistik ma’lumotlarda yetarli darajada to‘liq aks etmasligi mumkin. Masalan, rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan, biroq amalda faoliyat yuritmayotgan subyektlar, faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan korxonalar yoki aksincha, rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotgan shaxslar mavjud bo‘lishi mumkin. Ro‘yxatga olish natijalarida aynan shunday holatlarga aniqlik kiritiladi.
Yig‘ilgan ma’lumotlar qayta ishlanib, amaldagi biznes registrlari va boshqa ma’muriy ma’lumotlar bilan solishtiriladi. Natijalarga ko‘ra, iqtisodiy birliklar soni, faoliyat holati, bandlik va tegishli iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha statistik baholashlar aniqlashtirilishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, kuzatilmaydigan iqtisodiyot ko‘lamini baholash metodologiyasi va zarur hisob-kitoblarni takomillashtirish uchun asos bo‘ladi.
Biroq bu barcha makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar tadbir yakunlanishi bilan avtomatik ravishda qayta hisoblanadi, degani emas. Bunday qarorlar yig‘ilgan ma’lumotlarning sifati, qamrovi va tegishli statistik metodologiyalar asosida qabul qilinadi.
Xatlov natijasida aniqlanadigan iqtisodiy birliklar soni amaldagi registrdan qanchaga farq qilishini oldindan aniq aytish maqsadga muvofiq emas. Ushbu tafovut ro‘yxatga olish yakunlari umumlashtirilib, mavjud ma’lumotlar bilan solishtirilganidan so‘ng aniqlanadi.
Tadbir davomida yig‘ilgan ma’lumotlar Soliq qo‘mitasi, banklar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga beriladimi?
Biznesni ro‘yxatga olish doirasida yig‘iladigan ma’lumotlarning maxfiyligi qonunchilik bilan kafolatlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 11-avgustdagi O‘RQ–707-son «Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi qonunining 27-moddasiga muvofiq, rasmiy statistikani tayyorlovchilar tasarrufidagi individual ma’lumotlardan faqat statistik maqsadlarda, jamlanma statistik ma’lumotlarni shakllantirish uchun foydalaniladi.
Mazkur moddaga ko‘ra, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan individual statistik ma’lumotlardan tergov, nazorat, sud muhokamasi yoki ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qonunning 28-moddasida jismoniy yoki yuridik shaxsni bevosita yoxud bilvosita aniqlash imkonini beruvchi individual statistik ma’lumotlar maxfiy hisoblanishi belgilangan. 30-moddaga muvofiq esa rasmiy statistikani tayyorlovchilar individual ma’lumotlarni rasmiy statistikadan foydalanuvchilarga oshkor qilmaydi.
Shu bois biznesni ro‘yxatga olish savolnomasida tadbirkor tomonidan taqdim etilgan individual ma’lumotlarni Soliq qo‘mitasi, bojxona organlari, banklar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga tekshiruv o‘tkazish yoxud muayyan shaxsga nisbatan ma’muriy qaror qabul qilish uchun taqdim etish nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, davlat organlarining o‘zida avvaldan mavjud bo‘lgan ma’muriy ma’lumotlarni Milliy statistika qo‘mitasiga statistik maqsadlar uchun taqdim etish amaliyoti mavjud. Bu jarayon ro‘yxatga olish davomida olingan maxfiy individual ma’lumotlarni nazorat organlariga tarqatish bilan bir xil emas. Ro‘yxatga olish natijalari, asosan, respublika va hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari hamda faoliyat turlari bo‘yicha umumlashtirilgan statistik ko‘rsatkichlar shaklida e’lon qilinadi.
Norasmiy faoliyat aniqlansa, tadbir doirasida jarima yoki boshqa jazo qo‘llanadimi?
Biznesni ro‘yxatga olish soliq tekshiruvi yoki huquqbuzarliklarni aniqlashga qaratilgan nazorat tadbiri emas. Uning asosiy maqsadi mamlakatdagi iqtisodiy birliklarni, jumladan, rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotgan shaxslarni statistik hisobga olishdan iborat. Ro‘yxatga oluvchilarning vazifasi tadbirkorlik faoliyatining qonuniyligini tekshirish, soliq hisoblash, jarima belgilash yoki boshqa jazo choralarini qo‘llash emas. Ular tasdiqlangan savolnoma asosida ma’lumotlarni yig‘ish va qayd etish bilan shug‘ullanadi.
Ushbu masalaning asosiy huquqiy kafolati «Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasidir. Mazkur modda individual statistik ma’lumotlardan tergov, nazorat, sud muhokamasi yoki ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadlarida foydalanishni taqiqlaydi. Shuningdek, qonunning 28–30-moddalari bunday ma’lumotlarning maxfiyligini va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
Demak, shaxsning biznesni ro‘yxatga olish savolnomasida o‘z iqtisodiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berishi uning faoliyatiga nisbatan tadbirning o‘zi doirasida jarima yoki boshqa jazo chorasi qo‘llash uchun asos sifatida qaralmaydi. Biroq bu holat amaldagi qonunchilikda belgilangan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, soliq va boshqa qonuniy majburiyatlarni bekor qilmaydi. Ya’ni biznesni ro‘yxatga olish tadbiri alohida statistik jarayon bo‘lib, u umumiy qonunchilik talablaridan ozod qilish yoki huquqbuzarliklarga nisbatan huquqiy javobgarlikni bekor qilishni nazarda tutmaydi.
Norasmiy ishlayotgan shaxs bergan ma’lumotlar asosida soliq tekshiruvi yoki ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llanishi mumkinmi?
Biznesni ro‘yxatga olish jarayonida shaxsning iqtisodiy faoliyati, daromadlari, ishchilari yoki boshqa ko‘rsatkichlari to‘g‘risida taqdim etgan individual ma’lumotlari statistik maqsadlar uchun yig‘iladi. «Rasmiy statistika to‘g‘risida»gi qonunning 27-moddasiga ko‘ra, bunday individual statistik ma’lumotlardan tergov, nazorat, sud muhokamasi yoki ma’muriy qarorlar qabul qilish maqsadida foydalanish mumkin emas.
Shu sababli biznesni ro‘yxatga olish savolnomasida qayd etilgan individual ma’lumotlar soliq tekshiruvini tayinlash, o‘tgan davrlar uchun soliq hisoblash yoki shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralarini qo‘llash maqsadida ishlatilmasligi kerak.
Masalan, fuqaro uy sharoitida mahsulot tayyorlab sotishi, mustaqil xizmat ko‘rsatishi yoki buyurtma asosida ishlashi haqidagi ma’lumotni taqdim etsa, ushbu ma’lumot statistik hisobga olish uchun ishlatiladi. Bu jarayonda iqtisodiy faoliyatning qamrovi, bandlik holati va tegishli iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘rganiladi.
Shu bilan birga, biznesni ro‘yxatga olishda ishtirok etish shaxsni boshqa qonuniy majburiyatlardan ozod qilmaydi.Soliq va boshqa vakolatli organlar o‘z faoliyatini mustaqil huquqiy asoslar va qonunchilikda belgilangan tartiblar doirasida amalga oshiradi. Biroq bu jarayonlarni biznesni ro‘yxatga olishda olingan maxfiy individual statistik ma’lumotlardan nazorat maqsadida foydalanish bilan aralashtirish mumkin emas.
Ro‘yxatga oluvchilar kimlar? Tadbirkorlar firibgarlardan qanday himoyalanishi mumkin?
Tadbirni tashkil etish va o‘tkazishda Milliy statistika qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari, mahalliy hokimliklar, hokim yordamchilari va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorlik qiladi.
Mahallalarda iqtisodiy birliklarni aniqlash va ro‘yxatga olish ishlariga hokim yordamchilari jalb etiladi.
Dehqon, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlari, savdo markazlarida esa ro‘yxatga olish ishlari statistika organlari xodimlari tomonidan bozor ma’muriyati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Ro‘yxatga oluvchilar uchun maxsus tayyorgarlik ishlari nazarda tutilgan. O‘quv mashg‘ulotlarida ularga tadbirning maqsadi va vazifalari, normativ-huquqiy asoslari, savolnomalarni to‘ldirish tartibi, planshet dasturidan foydalanish, respondentlar bilan muloqot qilish, ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash hamda texnika xavfsizligi qoidalari tushuntiriladi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan hududlarga mas’ul supervayzerlar biriktirilgan. Firibgarlik holatlarining oldini olish masalasi ham muhim ahamiyatga ega.
Ro‘yxatga oluvchi xodim tashrif davomida o‘zini tanishtirishi, tashrifining maqsadini tushuntirishi va tegishli tartibda savolnoma o‘tkazishi kerak. Ro‘yxatga oluvchilar maxsus kiyim va beyjiklar bilan ta’minlangan. Ularning haqiqiy ro‘yxatga oluvchi ekaniga shubha tug‘ilgan taqdirda, 1851 qisqa raqamli call-markaz orqali buni aniqlashtirish mumkin. Alohida ta’kidlash lozimki, biznesni ro‘yxatga olish uchun tadbirkordan pul undirish, bank kartasi ma’lumotlarini, PIN-kod, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodi yoki elektron tizimlarga kirish parollarini talab qilish mazkur statistik so‘rovning vazifalariga kirmaydi.
Teglar






