Logo

Putin rus tilining Markaziy Osiyodagi mavqeidan xavotirga tushdi

Bugun 10:255 daqiqa

Ashxoboddagi MDH sammitida Vladimir Putin rus tilini mintaqadagi «birlashtiruvchi kuch» deb atadi. Bu bayonot Markaziy Osiyoda til va madaniy ta’sir borasidagi bahslarni yana kun tartibiga olib chiqdi.

Putin rus tilining Markaziy Osiyodagi mavqeidan xavotirga tushdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitida rus tilini «birlashtiruvchi kuch» deb atadi va MDH doirasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Uning fikricha, rus tili sobiq sovet respublikalari o‘rtasidagi aloqalarni saqlab qolishda g‘oyat muhim o‘rin tutadi. 

Uning bu bayonoti Markaziy Osiyoda Rossiyaning madaniy ta’siri va milliy tillarning mavqei haqidagi masalani yana kun tartibiga olib chiqdi.

Putin Ashxobodda nima dedi?

2026 yil 9-oktabr kuni Turkmanistonning «Avaza» sayyohlik hududida MDH davlat rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Rossiya, O‘zbekiston va boshqa a’zo davlatlar yetakchilari ishtirok etdi. Tadbirda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hamdo‘stlikni mintaqaviy integratsiya tuzilmasi sifatida yuqori baholadi.

«AP News» xabariga ko‘ra, Putin MDH doirasidagi munosabatlarni rivojlantirish, iqtisodiy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidlagan. U rus tiliga Hamdo‘stlik mamlakatlarini birlashtiruvchi kuch sifatida ta’rif berdi. «Rus tili Hamdo‘stlikning ulkan hududida kuchli birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi», — deyiladi Rossiya yetakchisining bayonotida. Shuningdek, u sobiq sovet respublikalari o‘rtasida shakllangan ijtimoiy, madaniy va gumanitar rishtalarni avaylab asrash muhimligini qayd etdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Putin 2025 yilda Rossiyaning MDH mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 110 milliard dollardan oshganini va o‘zaro hisob-kitoblarning 90 foizi milliy valutalarda amalga oshirilganini aytgan.

Rossiyaning madaniy ta’siri haqidagi xavotir qayerdan kelib chiqmoqda?

«Eurasianet» nashrining 13-oktabrda e’lon qilingan tahlilida ta’kidlanishicha, Putinning Avazadagi nutqi Rossiyaning Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi madaniy ta’siri susayib borishi ehtimolidan tug‘ilgan xavotirni aks ettiradi.

Nashrga ko‘ra, Rossiya rahbariyati rus tilini keng targ‘ib qilish va umumiy madaniy merosni asrash tashabbuslariga jiddiy e’tibor qaratmoqda.

Qayd etilishicha, 1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalangach mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z milliy davlatchiligi, tarixi va til siyosatini shakllantirish jarayonini hanuz davom ettirmoqda hamda bu jarayon har bir davlatda turlicha kechyapti.

Rus tili hali ham Markaziy Osiyoda muhim ahamiyatga ega

Ta’kidlanishicha, Rus tilining mintaqadagi o‘rnini faqatgina siyosiy ta’sir bilan izohlab bo‘lmaydi. Bu til mehnat migratsiyasi, ta’lim, biznes, madaniy almashinuv va millatlararo muloqotda hamon o‘zining amaliy ahamiyatini saqlab turibdi.

«The Times of Central Asia» nashrining 2026 yil 20-fevraldagi maqolasida «Oxus Society for Central Asian Affairs» tashkiloti rahbari Edvard Lemon rus tilining mintaqadagi mustahkam mavqeini bir necha omillar bilan izohlaydi. Unga ko‘ra, Rossiyaga yo‘nalgan mehnat migratsiyasi, davlatlararo muloqot va ta’lim sohasidagi aloqalar rus tilidan keng foydalanishga asos bo‘lmoqda. Nashrda keltirilishicha, hozirda Rossiyada 200 mingdan ortiq Markaziy osiyoliklar tahsil olmoqda.

Shu bilan birga, mintaqada milliy tillarning qo‘llanish doirasi kengayib, ingliz tiliga bo‘lgan qiziqish ham ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, ayniqsa yoshlar uchun ingliz tili xalqaro ta’lim va yangi kasbiy imkoniyatlar eshigini ochuvchi kalit sifatida ko‘rilmoqda. Ammo bu holat rus tilining barcha sohalarda birdaniga o‘z ahamiyatini yo‘qotayotganini anglatmaydi. Aksincha, rus tili ayrim kasbiy va madaniy doiralarda hamon umumiy muloqot vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonda davlat tilini rivojlantirish siyosati

O‘zbekiston misolida til siyosatiga oid jarayonlarni bevosita rasmiy hujjatlar orqali kuzatish mumkin. 2025 yil 20-oktabrda e’lon qilingan Prezident qarorida o‘zbek tilining mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rnini mustahkamlash, uni ta’lim tizimida o‘qitishni takomillashtirish, ilmiy til sifatidagi nufuzini oshirish va zamonaviy axborot texnologiyalariga integratsiya qilish asosiy maqsadlar qatorida sanalgan.

Hukumatning rasmiy saytida e’lon qilingan ushbu hujjatga ko‘ra, 2026 yildan boshlab ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun o‘zbek tili darsliklarining yangi avlodini yaratish, maktabgacha ta’lim pedagoglariga mo‘ljallangan qo‘llanmalar ishlab chiqish hamda bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatuvchi audio va video materiallar tayyorlash kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.

Shuningdek, qarorda o‘zbek tilini sun’iy intellekt texnologiyalariga moslashtirish va uning raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan. Ushbu hujjatni talqin qilishda bir jihatni unutmaslik lozim: hujjat faqatgina davlat tilining mavqeini mustahkamlash maqsadiga xizmat qiladi. Unda rus tilini taqiqlash yoki cheklash haqida so‘z bormagan, balki o‘zbek tilining ta’lim, boshqaruv va texnologiyalar sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish bosh maqsad qilib olingan.

Qozog‘istonda rus tilining konstitutsiyaviy maqomi o‘zgardi

Markaziy Osiyodagi til siyosatiga oid bahslarni Qozog‘iston misolida ham kuzatish mumkin. Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi 2026 yil 1-iyuldan kuchga kirdi. Uning 9-moddasida qozoq tili davlat tili etib belgilangan, rus tili esa davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida qozoq tili bilan bir qatorda rasmiy maqomda qo‘llanishi qayd etilgan.

Eski va yangi Konstitutsiya matnlari o‘zaro taqqoslanganda, rus tilining qo‘llanilishini ifodalovchi so‘zlardagi farqni sezish qiyin emas. Avvalgi Qomusda rus tilining davlat idoralarida qozoq tili bilan «teng ravishda» ishlatilishi belgilangan bo‘lsa, yangi tahrirda «qozoq tili bilan bir qatorda» degan birikmadan foydalanilgan. «Eurasianet» o‘z tahlilida ushbu o‘zgarishni rus tilining konstitutsiyaviy nufuzi pasayganining yaqqol belgisi sifatida baholaydi.

Tarixiy xotira ham bahsning bir qismi

Rossiyaning mintaqa bilan madaniy aloqalari faqatgina til masalasi bilan cheklanmaydi. Tarixiy voqealarni qanday talqin qilish va umumiy o‘tmishni qay tarzda xotirlash ham davlatlararo madaniy munosabatlarning ajralmas qismi hisoblanadi. «Eurasianet» tahliliga ko‘ra , Avaza sammiti yakunida imzolangan hujjatlar orasida tarixiy xotirani saqlashga qaratilgan bitim ham bor. Unda 1941–1945 yillardagi Ikkinchi jahon urushida sovet xalqlarining qozongan g‘alabasi xotirasini avaylab asrash maqsad qilingan.

Nashr muallifi buni Rossiyaning sovet davri merosini saqlab qolishga bo‘lgan urinishi sifatida ko‘radi. Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlarida tarixni milliy manfaatlar nuqtai nazaridan qayta o‘rganish va mustaqillik davrida o‘zlikni anglash jarayonlari Moskva ilgari surayotgan tarixiy qarashlarga har doim ham mos tushavermaydi.

Teglar

Mavzuga oid