Logo

Jahon banki Tojikistonga 40 mln dollardan ko‘proq pul bermoqchi

Bugun 18:142 daqiqa

Bank huzuridagi ko‘p tomonlama global sheriklik platformasi esa mamlakatga 4,5 mln dollar ajratishga qaror qilgan.

Jahon banki Tojikistonga 40 mln dollardan ko‘proq pul bermoqchi

Jahon bankining Dushanbedagi ofisi bergan xabarga ko‘ra, bank mamlakatda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun 7,5 million dollar va 30 million yevro (33 million 652 ming dollar) ajratish niyatida. Bu bo‘yicha 11-oktabr kuni Tojikiston moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda va bankning mamlakatdagi menejeri Gael Raballan ikkita mavjud loyihani qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Aytilishicha, bu pullar oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ish o‘rinlari yaratish va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarga ajratiladi. Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi 7,5 million dollarlik summani «Qishloq xo‘jaligi sektorining barqarorligini mustahkamlash» loyihasi orqali beradi.

Mablag‘lar Dang‘ara tumanida agrologistika markazi qurilishini yakunlash, Dushanbe markazini qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash uchun zarur uskunalar bilan jihozlash hamda ikkala obyektning barqaror ishlashini ta’minlash uchun ishlatiladi. Agrologistika markazlari fermerlarga daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berishi kutilmoqda. Bundan tashqari, ularning faoliyati Tojikistonning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Ikkinchi kelishuv Tojikistonda bolalarni erta yoshdan rivojlantirish va inson salohiyatini oshirish loyihasiga taalluqli.

Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ushbu loyiha uchun qo‘shimcha 30 mln yevro ajratadi. Shuningdek, Ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini qo‘llab-quvvatlash global moliyalashtirish mexanizmi (GFF) 4,5 mln dollar beradi.

Qo‘shimcha mablag‘lar mamlakatning yana to‘rtta tumanida xizmatlarni yo‘lga qo‘yish va 300 ta maktabgacha ta’lim guruhini ochish imkonini taqdim qiladi. Shuningdek, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishning turli shakllaridan kengroq foydalanish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bolalar salomatligi va rivojlanishiga oid xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun bolalarning o‘sishi va rivojlanishini muntazam kuzatib borish dasturi joriy etiladi, tibbiyot xodimlarining malakasi oshiriladi hamda bolalar rivojlanishini baholash va nazorat qilish tizimi raqamlashtiriladi.

Kutilishicha, bu mablag‘lar bolalarning maktabga tayyor bo‘lib borishiga, sog‘lom o‘sishi va har tomonlama rivojlanishiga yordam beradi. Shu orqali Tojikistonda inson salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq XVJ Tojikiston iqtisodiyotining 2026 yildagi o‘sish prognozini 7,3 foizga oshirgandi.

Teglar

Mavzuga oid