
O‘zbek-Fransuz universiteti tashkil etiladi
Bitiruvchilarga Fransiyada akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari bo‘yicha konsorsium tarkibiga kirgan tegishli Fransiya universitetining diplomi ham beriladi.

26-noyabrda «O‘zbek-Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–354-sonli prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbek-Fransuz universiteti tashkil etiladi. Universitet o‘z faoliyatini O‘zbekiston qonunchiligi talablari hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalari asosida amalga oshiradi.
Shuningdek, ushbu universitetda dastlabki bosqichda magistratura, keyinchalik bosqichma-bosqich bakalavriat va doktoranturada kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Universitetga kirish uchun tayyorlov kursi joriy etiladi.
Ta’lim jarayoni maqsadli davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Bitiruvchilarga universitet diplomi va (yoki) Fransiya Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari bo‘yicha konsorsium tarkibiga kirgan tegishli Fransiya universitetining diplomi beriladi. Bunda bitiruvchilarga berilgan diplom O‘zbekiston Respublikasida tan olinadi.
Avvalroq Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi.





