add

O‘zbek-qozoq chegarasidagi yashirin yo‘l, «Tolibon» buzdirgan Navoiy haykali va 81,79 mlrd so‘mga sotilgan oltin konlar — 20 avgust dayjesti

20.08.2025 | 22:00498010

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbek-qozoq chegarasidagi yashirin yo‘l, «Tolibon» buzdirgan Navoiy haykali va 81,79 mlrd so‘mga sotilgan oltin konlar — 20 avgust dayjesti
Toshkent viloyatida 2 tonna oltin zaxirasiga ega bo‘lgan kon sotildi Ohangaron tumanidagi taxminiy 2 tonna oltin zaxirasiga ega «Terekli» uchastkasi 81,79 mlrd so‘mga sotilgan. 19 avgust kuni E-auksion platformasida o‘tkazilgan savdolar qariyb 12 soat davom etdi. Jami 377 qadamdan so‘ng «Toyloq Toza Hudud» kompaniyasi g‘olib bo‘lib, 6,5 mln dollarga teng taklif bilan uchastkada geologik tadqiqot ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu summa boshlang‘ich narxdan deyarli 20 barobar yuqori. «Terekli» uchastkasi Shaugaz qishlog‘idan 9,6 km janubi-sharqda joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 65 gektarni tashkil etadi. Zaxiralari taxminan 2 tonna oltinga baholangan.   Qoraqalpog‘istonda jamoat transporti narxi oshirildi Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi qaroriga ko‘ra, endi avtobuslarda yo‘lovchi safar uchun naqd pulda 2600 so‘m to‘laydi. Bank kartasi, ATTO yoki transport kartalaridan foydalangan holda esa yo‘lkira 2000 so‘m qilib belgilandi. Shuningdek, shahar ichi va tuman markazidan boshlanuvchi shaharlararo yo‘nalishli taksilarda 5 km gacha bo‘lgan masofa uchun yo‘l haqi 3000 so‘m etib belgilandi. Bu tarifga qo‘shilgan qiymat solig‘i ham kiritilgan. Qarorda oylik va yillik abonement narxlari ham belgilangan. Oddiy yo‘lovchilar uchun avtobus abonementi oyiga 200 ming so‘m, yiliga esa 1 mln 642 ming so‘m bo‘ladi. Pensionerlar, nogironlar, talabalar va o‘quvchilar uchun bu tarif yarim qiymatda — oyiga 100 ming so‘m, yiliga esa 912 ming so‘m qilib belgilandi.   «Tolibon» Mozori Sharif shahrida joylashgan Alisher Navoiy haykalini buzib tashladi Afg‘onistondagi «Tolibon» muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykalini butunlay buzib tashladi. Bugun O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida «Tolibon» muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘landi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan.   Saida Mirziyoyeva Sadir Japarov bilan uchrashdi Bishkekda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan Bishkekda uchrashuv o‘tkazdi. 20 avgust kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Tomonlar madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash, yoshlar siyosati yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.  Shu bilan birga, Mirziyoyeva chegara masalalari bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvlar, milliy ID hujjatlarini o‘zaro tan olish, qo‘shma korxonalar hamda Qambarota GES-1 va Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li kabi yirik umumiy loyihalarni eng yaqin qo‘shni va strategik hamkor sifatida munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotganligini aytib o‘tgan.   O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasida benzin kontrabandasiga mo‘ljallangan yerosti yo‘li topildi O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida 450 metr uzunlikda yer osti quvuri orqali noqonuniy benzin tashish holati fosh etildi. Turkiston viloyatida ko‘rilgan sud ishida besh nafar shaxs aybdor deb topildi: guruh rahbari 15 yilga, to‘rt nafar a’zosi esa 13 yilga qamaldi. Davlat foydasiga 3 million tenge, 16 ming litr benzin hamda bir nechta yuk mashinalari musodara qilindi.  Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh 2024 yil avgustdan dekabrga qadar bojxona nazoratidan tashqarida 420 tonnadan ziyod AI-92 benzinini O‘zbekistonga olib kirgan. Uning qiymati 112 million tengeden ortiq deb baholangan. Mazkur holat yoqilg‘i narxlari farqi jinoyatchilar uchun katta manfaat manbai ekanini ko‘rsatdi. Qirg‘iziston sotib olgan benzinini O‘zbekistonga eksport qilmoqda Qirg‘iziston O‘zbekistonga benzin yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirdi. 2025 yilning olti oyi mobaynida O‘zbekistonga benzin eksporti 1,6 barobar ko‘payib, 4,6 million litrga yetgan. Bir litr benzin o‘rtacha 41,3 sentdan eksport qilingan. Solishtirish uchun, o‘tgan yilning shu davrida narx 44,3 sent bo‘lgan.  «Qirg‘izistonning o‘zi neft va benzinni import qiladi. Lekin samarali va raqobatli yoqilg‘i bozori yarata olgani ortidan, oligarxiya va monopolistlar zararkunandaligi tufayli yoqilg‘i juda qimmat qo‘shni O‘zbekistonga benzin eksport qila olishmoqda», — deya yozmoqda iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.

Teglar

Mavzuga oid