add

«O‘zbek xalqi aytadi va qiladi. Shunga biz ishontirdik — Mirziyoyev Tramp bilan uchrashuvi haqida

25.09.2025 | 16:3010485

O‘zbekiston prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv yakunlari haqida gapirib, juda ko‘p masalalar kelishib olinganini ta’kidladi.

«O‘zbek xalqi aytadi va qiladi. Shunga biz ishontirdik — Mirziyoyev Tramp bilan uchrashuvi haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni Amerikaning yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar va «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi sovrindorlari bilan uchrashuvda AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi yakunlari haqida gapirib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti bilan «juda yaxshi uchrashuv» bo‘lib o‘tgani, suhbatda juda ko‘p masalalar kelishib olinganini ta’kidlab, Donald Trampning O‘zbekiston haqida ijobiy fikrda ekanini aytdi.
«Hammangizning xabaringiz bor, 5 sentyabr kuni Amerika taklifiga binoan Tramp janoblari bilan juda mazmunli suhbatimiz bo‘lgan edi. U suhbatda biz, albatta, uchrashishimizni aytdi. Men O‘zbekiston to‘g‘risida bilar edim-u, lekin bunchaligini bilmasdim,dedi. Kecha juda yaxshi uchrashuv bo‘ldi. Juda ko‘p masalalarni kelishib oldik. Twitter’da yozilganlarini o‘qigansizlar, albatta. O‘zbek xalqi aytadi va qiladi, biz shunga ishontirdik», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bunday uchrashuvlar va muzokaralar mamlakat uchun yangi istiqbollarni ochib berishini alohida ta’kidladi.
«Bir narsani bilinglar, kechagi tarixiy uchrashuvlarimiz ertaga sizlarga ko‘p narsaga yo‘l ochadi. Dunyoda eng katta iqtisodiyot bo‘lgan Amerikada biz bilan uchrashgan kompaniyalarni o‘zlaring ko‘rdinglar. Trampning oldidagi rahbarlari aytdi, agar bizga Tramp topshiriq bermaganida bunday kompaniya rahbarini yig‘a olarmidik, yo‘qmi, degan gapni ham aytdi. Ular nima uchun bizga intilyapti? Bizning imkoniyatlarimiz juda katta. Hamkorlarimiz bilan raqobatbardosh, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqsak, albatta, bozor topamiz», — dedi u.
Shuningdek, Prezident yoshlarga qarata: «Dengizdan uzoqroq joylashganmiz. Uchta-to‘rtta mamlakatdan o‘tib dengizga borishimiz uchun bitta ko‘prik bor — yoshlarning bilimi. Yaqinda mis konini ochamiz. Boshlaganimizda 72 ming tonna mis ishlab chiqarar edik, hozir 158 ming tonnaga yetdi. Yaqinda ochadigan fabrikamiz 150 ming tonna mis beradi. Biz bu bilan to‘xtamaymiz. MBF-3 (Mis boyitish fabrikasi), MBF-4, MBF-5 va MBF-6ni ham rejalashtiryapmiz. Bu harakatlarning pirovard maqsadi vatanimizni kelajagini farovonligini ta’minlash va albatta bu farovonlikni sizlarsiz qilib bo‘lmaydi.» — degan. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 23 sentyabr kuni Nyu-Yorkda AQSH prezidenti bilan uchrashgan edi.

Teglar

Mavzuga oid