add

O‘zbekiston 2 tonna oltin sotib oldi — Jahon oltin kengashi

05.10.2025 | 14:5050313

Avgust oyida jahon markaziy banklari jami 15 tonna sof oltin xarid qilgan. Ular orasida O‘zbekiston ham bor — mamlakat 2 tonna oltin sotib olgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston 2 tonna oltin sotib oldi — Jahon oltin kengashi

Jahon oltin kengashi (WGC) Xalqaro valyuta jamg‘armasi va markaziy banklar ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, avgust oyida yettita markaziy bank oltin zaxiralarini 1 tonna va undan ortiq miqdorda ko‘paytirgan bo‘lsa, faqat ikki bank — Rossiya va Indoneziya oltin sotgan.

Qozog‘iston Markaziy banki 8 tonna oltin xarid qilib, umumiy zaxirani 316 tonnaga yetkazgan. Bu 2024 yil oxiridagi ko‘rsatkichdan 32 tonnaga ko‘pdir. Bolgariya Milliy banki ham 2 tonna oltin qo‘shib, 1997 yildan buyongi eng yuqori o‘sishni qayd etdi — zaxiralar 43 tonnaga yetdi.

Turkiya va Xitoy ham oy davomida 2 tonnaga yaqin oltin sotib oldi. Turkiya zaxirasi 639 tonnaga, Xitoyniki esa 2 300 tonnadan ortiqqa yetdi. Xitoy bu bilan ketma-ket o‘ninchi oy oltin zaxiralarini oshirdi, ammo ular umumiy xalqaro zaxiralarning 7 foizinigina tashkil etmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki esa avgust oyida zaxiralariga yana 2 tonna oltin qo‘shib, umumiy miqdorni 366 tonnaga yetkazdi. Bu 2024 yil oxiriga nisbatan 17 tonnaga kamdir.

Shuningdek, Chexiya va Gana banklari ham 2 tonnadan oltin sotib olgan. Chexiya Milliy banki zaxiralarini 65 tonnaga yetkazib, 2028 yil oxirigacha 100 tonnaga chiqarishni rejalashtirgan. Gana esa yil boshidan buyon zaxiralarini 5 tonnaga oshirib, 36 tonnaga yetkazdi.

Teglar

Mavzuga oid