
O‘zbekiston 2024 yilda aviatsiya sohasida 38 foizlik o‘sish bilan jahonda birinchi o‘rinni egalladi
12.06.2025 | 08:1547704
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida transport infratuzilmasini rivojlantirish, logistika salohiyatini oshirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etishga qaratilgan sessiya o‘tkazildi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumining uchinchi kunida «Transport infratuzilmasi: Ipak yo‘lining zamonaviy yo‘nalishlari» mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mintaqaviy transport tizimlarini modernizatsiya qilish, logistika imkoniyatlarini oshirish va xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ekspertlar Ipak yo‘lining yangi konsepsiyasi va «yashil transport» tamoyillari asosida shakllanayotgan strategiyani muhokama qildilar.
O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2016 yildan buyon sohada to‘liq transformatsiya boshlanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston barcha transport yo‘nalishlarida «yashil» yechimlar sari harakat qilmoqda. 2025 yil oxirigacha temir yo‘llarni to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.
Choriyev aviatsiya sohasida ham yuqori o‘sish qayd etilganini ma’lum qildi. 2024 yilda O‘zbekiston aviatsiya sohasida 38 foizlik o‘sish bilan jahonda birinchi o‘rinni egalladi. Shu munosabat bilan Toshkentda yangi xalqaro aeroport loyihasi ishlab chiqilmoqda. U butun Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega.
Sessiyada Yevropa va Osiyo taraqqiyot banklari, Boeing va EGIS kabi yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etib, mavjud loyihalar va yangi tashabbuslar haqida ma’lumot berdi. Ular Markaziy Osiyoning geografik va iqtisodiy afzalliklarini qayd etib, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Yevropa investitsiya banki Samarqandda o‘z vakolatxonasini ochishga qaror qilgan bo‘lsa, Osiyo taraqqiyot banki 12 mlrd dollar sarmoyadan 3 mlrd dollarni yo‘l va temir yo‘l infratuzilmasiga yo‘naltirgan. Boeing vakillari esa O‘zbekiston xalqaro parvozlar salohiyatini kengaytirishga hissa qo‘shmoqda.





