add

O‘zbekiston 2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng tez o‘suvchi besh iqtisodiyot qatoriga kiradi

09.10.2025 | 08:023544

Jahon bankining yangi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilda YAIM o‘sishi bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi beshta yetakchi davlatdan biri bo‘ladi — mamlakat iqtisodiyoti 6,2 foizga o‘sishi kutilmoqda.

O‘zbekiston 2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyodagi eng tez o‘suvchi besh iqtisodiyot qatoriga kiradi
Jahon bankining «Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik» nomli hisobotiga ko‘ra, mintaqa mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashgan bo‘lsa-da, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar hanuz barqarorlikni saqlab turibdi. Hisobotda ta’kidlanishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sishi 2025 yilda 2,4 foizni tashkil etadi. Bu 2024 yildagi 3,7 foizlik ko‘rsatkichdan past. Asosiy sabab — Rossiya iqtisodiyotidagi pasayish. Rossiyani hisobga olmagan holda o‘sish sur’atlari 3,3 foiz atrofida saqlanishi kutilmoqda. 2026–2027 yillarda o‘sish mo‘’tadil sur’atda — 2,6 foiz atrofida bo‘ladi. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida o‘sish sur’ati eng yuqori bo‘lib qolmoqda. 2025 yilda mintaqada YAIMning o‘rtacha o‘sishi 5,9 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu o‘sishga Qozog‘istonda neft qazib chiqarish hajmining ko‘payishi, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi hamda davlat va xususiy investitsiyalarning ortishi yordam bermoqda. O‘zbekistonda YAIM o‘sishi 2025 yilda 6,2 foiz, 2026 yilda esa 6 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Shu tariqa, mamlakat Qirg‘iziston (9,2 foiz), Tojikiston (7,6 foiz), Gurjiston (7 foiz) va Qozog‘iston (5,5 foiz) bilan bir qatorda mintaqadagi beshta eng tez o‘suvchi iqtisodiyotdan biri bo‘lib qoladi. Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi ustuvor yo‘nalishlar — kimyo sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) va meva-sabzavotchilik sohasi hisoblanadi. Kimyo tarmog‘ida raqobatbardoshlik va energiya tejamkorlikni oshirish uchun ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda bozor erkinligini kuchaytirish zarur. AKT sohasida esa kengpolosali internet qamrovini oshirish, meva-sabzavotchilikda esa xalqaro standartlarni joriy etish, investitsiya va ilmiy tadqiqotlarni ko‘paytirish tavsiya etilgan. Jahon bankida ta’kidlanishicha, mintaqada barqaror o‘sish uchun inson kapitaliga, ta’lim va infratuzilmaga sarmoyani oshirish, xususan, ayollar va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega.

Teglar

Mavzuga oid