add

O‘zbekiston 2030 yilgacha aviatsiya yo‘lovchilarini 24 mln nafarga yetkazmoqchi

29.10.2025 | 07:582671

Prezident tomonidan imzolangan farmonga ko‘ra, 2030 yilgacha yo‘lovchi tashish hajmi yiliga 24 mln nafarga yetkazilishi, aviapark 180 ta samolyotgacha kengaytirilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston 2030 yilgacha aviatsiya yo‘lovchilarini 24 mln nafarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasida yangi bosqich boshlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 oktyabrda fuqarolik aviatsiyasi sohasida davlat siyosatini tartibga solish bo‘yicha farmon imzoladi.

Unda mamlakat aviatsiya tizimini modernizatsiya qilish va bozor tamoyillariga o‘tkazishni ko‘zda tutadi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab «O‘zavatsiya» agentligini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat byudjeti mablag‘lari ajratish amaliyoti to‘xtatiladi. Shuningdek, «O‘zaeronavigatsiya» markazi sof foydasining 20 foizini agentlikni rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish amaliyoti ham bekor qilinadi.

Farmonda belgilanishicha, 2030 yilgacha mahalliy aviakompaniyalar samolyotlar parki 180 ta bortgacha yetkaziladi. Keyingi besh yil ichida ichki va xalqaro yo‘nalishlar soni 200 ming reysgacha ko‘paytirilib, yillik yo‘lovchi tashish hajmi 24 mln nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Prezident 15 oktyabr kuni yangi Toshkent aeroporti qurilishiga bag‘ishlangan marosimda ham aviatsiya sohasi rivojiga alohida to‘xtalib, mamlakatni Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yirik havo xabi sifatida ko‘rish maqsadini belgilagan edi.

Loyihalar doirasida aviayo‘nalishlar soni 230 taga yetkaziladi, aeroportlar infratuzilmasi yangilanadi va logistika tizimi raqamlashtiriladi. Hukumat bu orqali transport sohasini iqtisodiy o‘sish va xalqaro integratsiyaning asosiy drayverlaridan biriga aylantirishni ko‘zlamoqda.

Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida yangilangan uchib kelish zali, terassa va VIP uchib ketish zali ochilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid