add

O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam berishga tayyor

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonda sodir bo‘lgan yirik zilzila munosabati bilan hamdardlik e’lon qildi.

O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam berishga tayyor
O‘zbekiston minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan dahshatli zilzila munosabati bilan Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam berishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda keltirilgan. Vazirlik fojea yuzasidan O‘zbekiston birodar qo‘shni xalq bilan hamdard ekanini ta’kidladi. «Minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan dahshatli zilzila munosabati bilan Afg‘oniston xalqi va hukumatiga chuqur hamdardligimizni bildiramiz. Halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, jabrlanganlarning tez orada sog‘ayishlarini tilaymiz. Biz og‘ir kunlarda birodar Afg‘oniston xalqi bilan birdam bo‘lib, ushbu fojiali tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligimizni bildiramiz», - deyiladi bayonotda. Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegaradosh hududda 31 sentyabr kuni tunda 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lib, 1124 dan ortiq odam halok bo‘ldi,3251 kishi turli darajada jarohat olgan. Shuningdek, 8 mingdan ziyod turar joy vayron bo‘lib, minglab oilalar boshpanasiz qoldi. Eng ko‘p talafot Kunar viloyatida qayd etilgan. Qutqaruv ishlariga vertolyotlar jalb qilingan, lekin ko‘plab yo‘llar yopilgani sababli ayrim hududlarga kirish imkoni yo‘q. Rasmiylar qurbonlar soni yana ortadi deb hisoblamoqda, chunki ko‘pchilik vayronalar ostida qolgan. Nangarhor aeroportidan qutqaruv parvozlari amalga oshirilmoqda, yuzlab jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan. Zilzila tunda sodir bo‘lgani sabab ko‘pchilik uyquda qolib, halokatlar soni ko‘paygan. Ma’lumot uchun, bu 2021 yildan beri yuz bergan uchinchi yirik zilziladir.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam berishga tayyor | Vaqt.uz