
O‘zbekiston – AQSH biznes-forumi yangi hamkorlik eshiklarini ochdi
09.06.2025 | 14:0046823
Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston – AQSH biznes-forumi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirishda muhim platformaga aylandi.

9 iyun kuni Toshkentdagi «CAEx Uzbekistan» xalqaro ko‘rgazmalar markazida O‘zbekiston – AQSH biznes-forumi ish boshladi. Tadbirda ikki mamlakat rasmiylari, xususiy sektor vakillari, ekspertlar va xalqaro investorlar ishtirok etmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va AQSH bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi savdo va investitsiya munosabatlari faol rivojlanmoqda. Hamkorlik doirasida qator yirik loyihalar amalga oshirilgan. Shu bilan birga, Amerika kompaniyalari uchun mamlakatimizdagi bozorning ochiqligi va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash tizimi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm forumdagi chiqishida O‘zbekistondagi qulay investitsiya muhitini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, bunday tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va yangi yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatish uchun samarali imkoniyat yaratadi.
Forum doirasida energetika, agrosanoat, IT, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi muhim sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilariga ko‘ra, mazkur forum ikki mamlakat o‘rtasida ishonchli va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi.





