add

O‘zbekiston bank sektori: 2025 yilning II choragi uchun tendensiyalar tahlili

09.07.2025 | 15:00152712

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi moliya tashkilotlari faollik indeksi asosida tuzilgan yangilangan banklar reytingini e’lon qildi. Ushbu reyting mamlakatdagi yirik tijorat banklarining joriy holati va taraqqiyotini baholash imkonini beradi.

O‘zbekiston bank sektori: 2025 yilning II choragi uchun tendensiyalar tahlili
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan 2025 yil II choragi uchun «Banklar faollik indeksi» yangilandi. Ushbu indeks mamlakatda faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat bankini qamrab oldi. Hisob-kitobda banklar 20 ta yirik va 15 ta kichik toifaga ajratilgan holda tahlil qilindi, deb yozadi Review.uz. 2021 yildan boshlab, «Banklar faollik indeksi» ITIM tomonidan bank sektoridagi transformatsiya jarayonlarini, shunday-aq shaffoflik va qamrovni oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni baholash maqsadida hisoblab kelinmoqda. Tahlil metodologiyasi 27 ta ko‘rsatkichga asoslangan bo‘lib, ular yettita asosiy yo‘nalishga guruhlangan: moliyaviy inklyuzivlik, moliyaviy vositachilik, aktivlar rentabelligi va kredit portfelining sifati, daromaddorlik, boshqaruv samaradorligi, likvidlik va aktivlar sifati. «Banklar faollik indeksi» banklar faoliyatining ham operatsion, ham tarkibiy jihatlarini aks ettiradi va bozor muhitidagi faollikni baholaydi. Jami reyting esa har bir subindeks bo‘yicha kompleks baholash asosida banklarning joriy holatini ko‘rsatib beradi. Joriy yilning ikki choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston bank tizimi aktivlarining umumiy o‘sishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, o‘sish tarkibi banklar guruhlari bo‘yicha farqlanadi. Xususan, davlat ishtirokidagi banklar aktivlari o‘rtacha 17 foizga oshdi, bu esa balanslarni barqaror oshirilishini ko‘rsatadi. Ular orasida eng yuqori o‘sish «Aloqa bank» (39 foiz) va «Mikrokreditbank» (36 foiz) tomonidan qayd etildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari xususiy banklar segmentida kuzatildi — bu yerda aktivlar umumiy o‘sishi 28 foizni tashkil etdi. Bu ko‘p jihatdan bozordagi yangi ishtirokchilar — «Hayot bank» (419 foiz), «Smart bank» (233 foiz) va «Yangi bank» (223 foiz) —ning faol ishtiroki bilan izohlanadi. Bu ko‘rsatkichlar banklarning masshtablashuvning boshlang‘ich bosqichida ekanini ko‘rsatadi.   2025 yil II choragi uchun yirik banklar faolligi reytingi 2025 yilning birinchi yarmi yakunida «Kapitalbank» banklar faolligi bo‘yicha reytingda yetakchi o‘rnini saqlab qoldi. «Trast bank» esa eng yuqori o‘sish sur’atini namoyon qilib, uchta pozitsiyani ko‘tarilib, umumiy reytingda 2-o‘rinni egalladi. «Hamkorbank» (3-o‘rin) va «Asia Alliance Bank» (4-o‘rin) esa yuqori pog‘onalardagi o‘rnini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi. Yangi yirik banklar qatoriga qo‘shilgan «Anor bank» bir pog‘ona pasayishiga qaramay, kuchli beshlikka kirib, 5-o‘rinni egalladi. «InFinBank» uchta pozitsiya yuqori ko‘tarilib, 8-o‘ringa chiqdi. «Tenge bank» va «O‘zmilliybank» bir pog‘ona yuqori ko‘tarilib, mos ravishda 14 va 16-o‘rinlarni egalladi. Shu bilan birga, yirik banklar toifasidagi moliyaviy muassasalarning uchdan biri o‘z o‘rnini yo‘qotdi. Xususan, «Davr bank» va «O‘zsanoatqurilishbank» bir pog‘ona, «Aloqa bank» va «Agrobank» esa ikki pog‘ona pastladi. Bozorning qolgan ishtirokchilari avvalgi chorakdagi natijalarini saqlab qoldi, bu esa banklar o‘rtasidagi raqobatning asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Moliyaviy vositachilik mezoni bo‘yicha (depozitlar va berilgan kreditlar o‘rtasidagi mutanosiblik, boshqa banklar va davlat oldidagi majburiyatlar) eng katta pasayish «Ipak Yo‘li bank»da kuzatildi — 6 pozitsiya pasayish. Bu ko‘rsatkich bankning kreditlash faoliyatida susayish borligidan dalolat beradi. Moliyaviy inklyuzivlik indikatori — filialga to‘g‘ri keladigan mijozlar soni, kredit portfelidagi konsentratsiya va xususiy sektorni kreditlash bo‘yicha ko‘rsatkichlar — bir qator banklarning reytingdagi o‘rniga ta’sir qildi. «Ipoteka bank» 3 pozitsiya, «Anor bank» va «Agrobank» — 2 pozitsiyadan, «Ipak Yo‘li bank» va «Asaka bank» — har biri 1 pozitsiyadan ayrildi. Aktivlar sifatini aks ettiruvchi indeks (aktivlar rentabelligi ROA va muammoli kreditlar darajasi NPL asosida hisoblanadi) bo‘yicha «Ipoteka bank» oxirgi o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, «Davr bank» 4 pog‘ona pastladi, «Kapitalbank» va «Anor bank» 2 pozitsiyadan, «Asaka bank» esa 1 pog‘ona pasaydi. Daromaddorlik reytingida «Agrobank» 20-o‘rinni egalladi. «Tenge bank» va «Anor bank» 2 pozitsiyadan yo‘qotgan. Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichi bo‘yicha «Mikrokreditbank» oxirgi o‘rinni saqlab turibdi. «Biznesni rivojlantirish banki» bank 3 pozitsiya, «Aloqa bank» 2 pozitsiya pastladi. Qolgan 4 tijorat banki esa bittadan pozitsiya yo‘qotgan. Likvidlik indikatori bo‘yicha esa yirik banklar orasida bir qator pasayishlar qayd etildi. «Agrobank» 3 pog‘ona pastlab, ro‘yxatning oxirida joylashdi. «Anor bank» 5 pozitsiya pastladi. «Kapitalbank», «Trast bank» va «Hamkorbank» bu yo‘nalishda 2 pozitsiyadan yo‘qotdi. Ayni paytda, «O‘zsanoatqurilishbank» ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 5 pozitsiya yuqori ko‘tarildi.   2025 yil II choragi uchun kichik banklar faolligi reytingi Tahlil natijalariga ko‘ra, to‘rtta bank — «Universal bank», «Hayot bank», «TBC bank» va «Octobank» o‘z pozitsiyalarini saqlab qolib, reytingning birinchi to‘rttaligiga kirdi. Bu esa mazkur banklarning volatillik va bozordagi raqobat bosimi sharoitida ham o‘z operatsion modellarining barqarorligini namoyon etmoqda. Ushbu toifadagi banklardan uchdan biri avvalgi chorak natijalariga nisbatan o‘zi pozitsiyasini yaxshilagan. Eng katta ijobiy o‘zgarish «Madadinvest bank»da qayd etildi — bank uchta pog‘ona yuqori ko‘tarilib, kichik banklar umumiy reytingining 14-o‘rini egalladi. Shu bilan birga, yana beshta bank faolligida salbiy dinamikani ko‘rsatdi. Ular orasida «Yangi bank»da eng katta pasayish kuzatildi, bu bankning operatsion ko‘rsatkichlarida susayish borligini anglatadi. Yangilangan moliyaviy muassasalar faolligi reytingi natijalari O‘zbekistonda yirik va kichik banklar o‘rtasidagi raqobatning ortganini ko‘rsatmoqda. Bunday ko‘rsatkichlarni muntazam monitoring qilish moliya sektori barqarorligi va rivojlanish dinamikasini baholashda muhim vosita bo‘lib qolmoqda.  

Teglar

Mavzuga oid