add

O‘zbekiston bankchilari Malayziyada islomiy moliya sirlarini o‘rganmoqda

16.07.2025 | 20:2032874

O‘zbekiston bank-moliya sohasi vakillari Malayziyada islomiy moliya tizimi bo‘yicha seminar-treningda qatnashmoqda. Ushbu tashrif orqali mamlakatda islomiy moliya tizimini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajriba o‘rganilmoqda.

O‘zbekiston bankchilari Malayziyada islomiy moliya sirlarini o‘rganmoqda
O‘zbekistonning bank va moliya sohasi mutaxassislari delegatsiyasi Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda bo‘lib turibdi. Ular bu yerda islomiy moliya ekotizimini rivojlantirish va tartibga solish bo‘yicha malaka oshirmoqda. Seminar-trening Xalqaro islomiy moliya bo‘yicha maxsus ta’lim markazi — INCEIF universiteti va ISRA shariat tadqiqotlari akademiyasi tomonidan tashkil etilgan. Ochilish marosimida INCEIF prezidenti doktor Mohd Azmi Umar va O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. Doktor Umarning so‘zlariga ko‘ra, Malayziya islomiy moliya sohasida yetakchi global markazlardan biriga aylangan. Mamlakatda kuchli huquqiy baza, ilg‘or ta’lim tizimi va tadqiqot institutlari orqali katta yutuqlarga erishilgan. O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning islomiy moliya sohasidagi rivojlangan qonunchiligi O‘zbekiston uchun ahamiyatli ekanini va uning eng samarali prinsiplarini qonunchilikka joriy etish foydali bo‘lishini ta’kidlagan. O‘quv-seminar davomida mutaxassislar Malayziyada islom moliyasining huquqiy-me’yoriy asoslari, ilg‘or tajriba va uni tartibga solish muammolari, ushbu sohada samarali siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish mexanizmlarini o‘rganadi, shuningdek, O‘zbekistonda islom moliyasi tizimini rivojlantirish strategiyalarini tahlil qiladi. Ular Malayziya Markaziy banki, soliq xizmati va mamlakatdagi eng yirik islomiy bank — «Malayan Banking Berhad» faoliyati bilan ham yaqindan tanishadi. Ma’lumot uchun, Malayziyada 1983 yilda Islomiy bank to‘g‘risidagi qonun, 1984 yilda esa Takaful (islomiy sug‘urta) to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. 1993 yilda esa an’anaviy banklarga islomiy filiallar ochishga ruxsat berilgan. 2025 yil holatiga ko‘ra, Malayziyada islomiy bank aktivlari 260 milliard dollarga yetgan va bu umumiy bank tizimidagi kreditlar hajmining 42 foizini tashkil etadi.

Teglar

Mavzuga oid