
O‘zbekiston benzin sotib olmayapti, eksport butunlay to‘xtatilgan — Qozog‘iston Energetika vazirligi
24.09.2025 | 08:0012625
Energetika vazirligi O‘zbekiston Qozog‘iston benzinini xarid qilishda davom etayotgani haqida tarqalgan ma’lumotlarga munosabat bildirdi.

Qozog‘iston Energetika vazirligi O‘zbekiston qo‘shni davlatdan benzin xarid qilayotgani haqida tarqalayotgan xabarlarni rad etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil iyundan beri benzin eksporti to‘liq to‘xtatilgan va ichki bozordagi zaxiralar sezilarli oshgan. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Bayonotda aytilishicha, ayrim ommaviy axborot vositalari «O‘zbekiston tomonidan Qozog‘iston benzini xarid qilinishi davom etmoqda» degan ma’lumot tarqatmoqda. Ammo vazirlik bu xabarlarni inkor etib, mamlakat hukumati tomonidan noqonuniy olib chiqish va kontrabandaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida aniq choralar ko‘rilayotganini bildirdi.
Vazirlik izoh berishicha, 2025 yilning aprel va may oylarida ichki bozorda yoqilg‘i zaxiralari ortiqcha bo‘lgani uchun qisqa muddatli eksport amalga oshirilgan. Xususan, AI-92 markali benzin zaxirasini optimallashtirish hamda byudjetga qo‘shimcha tushum olish maqsadida vaqtincha eksport qilingan. Biroq bu chora-xarakat iyundan to‘liq to‘xtatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat tomonidan narxlar erkin qo‘yilishi va eksport taqiqlanishi ichki bozorda barqarorlikni ta’minlagan. Vazirlikka ko‘ra, yoz boshiga kelib benzin zaxiralari qariyb 70 foizga, dizel yoqilg‘isi zaxiralari esa 78 foizga oshgan.
Hozirgi kunda Qozog‘istonda yoqilg‘i bozori to‘liq ta’minlangan va benzin narxlari barqaror. Shu bilan birga, mamlakatdagi AI-92 markali benzin 231–233 tengedan sotilmoqda. AI-95 esa 290 tengeden yuqori bahoda taklif etilmoqda.
Qozog‘iston 19 may kuni benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlagan edi. Ushbu cheklovlar olti oy davomida amal qiladi. Vazirlikning yozishicha, neftni qayta ishlash zavodini ta’mirlashdan oldin strategik zaxiralarni to‘plash maqsadida iyun oyidan boshlab eksport butunlay to‘xtatilgan.
Qozog‘istonda 2025 yilning 1 yanvaridan benzin va dizel yoqilg‘isini Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YeOII) a’zo davlatlardan tashqariga olib chiqishga taqiq joriy etildi. Neft mahsulotlarini YeOII tashqarisiga olib chiqishni taqiqlash Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlarining nofaol quvvatlarini yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash orqali yuklash va shunga mos ravishda mamlakatda yoqilg‘i-moylash materiallari taqchilligini kamaytirish, shuningdek, bojsiz yetkazib berish va import qilinadigan neft mahsulotlarining reeksportiga barham berish shartlarini bajarish imkonini beradi.





