
O‘zbekiston bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha global alyansga qo‘shildi
06.09.2025 | 12:309653
Alyansga qo‘shilish O‘zbekiston uchun boshqa davlatlar tajribasini o‘rganish, samarali usullar bilan o‘zaro almashish va jahon amaliyotidan foydalanish imkoniyatini yaratishi aytilmoqda.
O‘zbekiston bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilib, 46-davlat sifatida global alyans a’zosi bo‘ldi.
UNICEFʼning ma’lumot berishicha, bu qaror mamlakatda bolalar huquqlarini ta’minlash borasidagi yutuqlar va qonunchilik islohotlariga tayanadi. Joriy yil may oyida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilingan bo‘lib, hozirda uni amaliy ta’minlash uchun tarmoqlararo strategiya va harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ta’kidlashicha, alyansga qo‘shilish O‘zbekiston uchun boshqa davlatlar tajribasidan o‘rganish, samarali usullar bilan o‘zaro almashish va jahon amaliyotidan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu qadam mamlakatning bolalar huquqlarini himoya qilish yo‘lida xalqaro hamkorlikka intilayotganini ko‘rsatadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 4952 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 3200 nafariga jarima, 1752 nafarga ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan. Shuningdek, maishiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha 231 shaxs sudlangan, ulardan 65 nafarga ozodlikdan mahrum qilish, qolgan 166 nafarga esa yengilroq jazo tayinlangan.
O‘zbekistonning global alyansga qo‘shilishi mamlakatda bolalar xavfsizligi va huquqlarini mustahkamlashda yangi bosqich sifatida baholanmoqda.





