
O‘zbekiston Chobahor porti orqali Hind okeaniga chiqmoqchi
15.09.2025 | 20:207602
Tehronda o‘tgan uch tomonlama uchrashuvda O‘zbekiston, Hindiston va Eron tashqi ishlar vazirlari Chobahor portidan foydalanish masalasini muhokama qildi.

9 sentyabr kuni Tehronda O‘zbekiston, Hindiston va Eron tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish, savdo aloqalarini rivojlantirish va O‘zbekistonning Chobahor porti orqali Hind okeaniga chiqishiga doir kelishuvga erishildi.
Chobahor Eronning Hind okeaniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega yagona porti hisoblanadi. U Makron qirg‘og‘ida, Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlariga yaqin hududda joylashgan.
Mamlakatlar uchun bu port tranzit logistikasida strategik ahamiyatga ega. Xususan, O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatidan mahrum davlat sifatida Chobahor orqali yangi transport yo‘nalishlarini ochishi mumkin.
Tahlilchilar fikricha, ushbu yo‘l O‘zbekistonga Hindiston bozori va Janubiy Osiyo davlatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilish imkonini yaratadi. Shu orqali mintaqa mamlakatlari o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va tranzit imkoniyatlarini kuchaytirish kutilmoqda.





