add

O‘zbekiston davlat qarzi 43 mlrd dollardan oshdi

30.08.2025 | 16:208275

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumoticha, davlat qarzi bir yilda 6,1 mlrd dollarga ko‘payib, 43,3 mlrd dollarga yetdi.

O‘zbekiston davlat qarzi 43 mlrd dollardan oshdi
2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, davlat qarzining 36,4 mlrd dollari tashqi qarz, 6,9 mlrd dollari esa ichki qarzni tashkil etdi. YAIMga nisbatan qarz ulushi 34,2 foizga chiqdi. Solishtirganda, o‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 37,2 mlrd dollar bo‘lgan va qarz miqdori 16,5 foizga kamroq edi. Hisobotga ko‘ra, tashqi qarzning 47 foizi yoki 16,9 mlrd dollari davlat byudjeti taqchilligini qoplashga yo‘naltirilgan. Qolgan mablag‘lardan 5,9 mlrd dollari yoqilg‘i-energetika sohasiga, 3,1 mlrd dollari qishloq va suv xo‘jaligiga, 2,9 mlrd dollari transport infratuzilmasiga hamda 3 mlrd dollari uy-joy kommunal xizmatlariga sarflangan. 1 iyul holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha: Jahon banki — 7,8 mlrd dollar; Osiyo taraqqiyot banki — 7,4 mlrd dollar; Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,7 mlrd dollar; Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd dollar; Yaponiya moliya tashkilotlari — 3,2 mlrd dollar; Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,7 mlrd dollar; Fransiya moliya tashkilotlari – 1,1 mlrd dollar; Islom taraqqiyot banki — 935 mln dollar; Koreya moliya tashkilotlari — 750 mln dollar; Xalqaro valyuta jamg‘armasi — 642 mln dollar; Germaniya davlat banki — 481 mln dollar; Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 401 mln dollar; Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar. Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga quyidagicha izoh bergandi.
«Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSH asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suv, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi», – degandi vazir.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi (davlat va korporativ) 2025 yil birinchi choragida 68,4 mlrd dollarga yetdi.

Teglar

Mavzuga oid