
O‘zbekiston dunyoda go‘sht arzon bo‘lgan davlatlar qatorida qolmoqda — rasmiy bayonot
12.05.2025 | 14:4544554
Qishloq xo‘jaligi vazirligi BMTning FAO tashkiloti ma’lumotlariga tayangan holda, O‘zbekistonda go‘sht narxlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tarqatgan rasmiy баёнотга ko‘ra, dunyoda go‘sht narxlari oshib borayotgan bir paytda, O‘zbekistonda narxlar nisbatan barqaror saqlanmoqda va aholi xarid qila oladigan darajada bo‘lib turibdi. FAO ma’lumotlariga ko‘ra, go‘sht narxining o‘sishiga dunyoda ishlab chiqarish hajmining sekinlashishi, ozuqa va logistika xarajatlarining ko‘tarilishi, shuningdek, yirik importchi mamlakatlarda talabning ortishi sabab bo‘lmoqda.
Rossiyada tovuq go‘shti narxi 9,7 foizga, Qozog‘istonda 4,7 foizga oshgan. O‘zbekistonda esa go‘sht narxi mintaqaviy o‘sish tendensiyalaridan chetga chiqmagan. Mamlakat bozorlarida mol va qo‘y go‘shti arzanlashtirilgan rastalarda 65–75 ming, dehqon bozorlarida 90–95 ming, savdo markazlarida 95–100 ming so‘mdan sotilmoqda.
Poytaxt Toshkent shahrida esa go‘sht mahsulotlari aholi xarid imkoniyatiga mos ravishda qismlarga bo‘lib sotilmoqda: go‘shti ajratilgan suyak (ragu) 25–30 ming, qovurg‘a 85–95 ming, lahm 110–130 ming so‘m atrofida.
Xalqaro bozorda esa 1 kg go‘sht AQSHda 30 dollar, Koreyada 28 dollar, Shvetsiyada 46 dollar, Turkiyada 12–14 dollargacha boryapti. Shu bilan, O‘zbekiston Qirg‘izistondan keyin Markaziy Osiyoda go‘sht eng arzon bo‘lgan mamlakat sifatida qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, ozuqa mahsulotlari narxining keskin o‘sishi go‘sht yetishtirish xarajatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Yil boshidan buyon shrot, omuxta yem, beda va boshqa xomashyolar 30–90 foizgacha qimmatlashgan.
2024 yilda 2,9 mln tonna tirik vaznda, 1,7 mln tonna so‘yilgan vaznda go‘sht ishlab chiqarilgan. Import 93 ming tonna bo‘lib, umumiy ulushi 5,4 foizni tashkil qilgan. Uning 70 foizi qayta ishlash korxonalariga, qolgani esa arzanlashtirilgan rastalarga yetkazilgan.
So‘nggi 5 yilda mollar soni ikki barobarga, mahsulot hajmi uch barobarga oshgan. Zotli mollar ulushi 70–75 foizga yetkazilgan. Naslchilik korxonalari soni 1 900 tagacha ko‘paygan. Hukumat tomonidan tasdiqlangan maxsus dasturlar doirasida aholini sifatli va barqaror narxdagi go‘sht bilan ta’minlash ishlari davom etmoqda, deyiladi vazirlik bayonotida.





