add

O‘zbekiston g‘allasi: noma’lum statistika, narxlar oshishi va jahon bozoridagi xavf

19.08.2025 | 18:3028510

2025 yilning g‘alla mavsumi yakunlanmoqda, biroq hosil haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi. Ilgari fermerlar kengashi yoki vazirlik 15 iyuldan qolmay bu borada axborot berib kelgan bo‘lsa, bu yil butun soha jim. Bu holat bozorda turli taxminlar, narxlar barqarorligi va importga qaramlik haqida ko‘plab savollar tug‘dirmoqda.

O‘zbekiston g‘allasi: noma’lum statistika, narxlar oshishi va jahon bozoridagi xavf
Rasmiy hisobot yo‘q: nima uchun? O‘zbekistonda yoz mavsumi tugashiga ikki hafta qoldi, ammo hozirgacha hosil hajmi haqida hech qanday rasmiy axborot berilmadi. Solishtirish uchun: 2024 yilda fermerlar kengashi 9 mln tonna g‘alla xirmoni uyulganini 30 iyunda ma’lum qilgan, 2023 yil 15 iyulda esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi 8,1 mln tonna yig‘im-terim haqida hisobot bergan edi. Bu yil esa vazirlik ham, kengash ham jim. Kun.uz saytining ma’lum qilishicha, yil boshidayoq mutaxassislar o‘rtacha hosildorlik 20 sentnergacha pasayishi mumkinligidan xavotir bildirishgan. May oyida havo issiq va quruq kelgani sababli boshoqlar to‘liq yetilmay, to‘kilib ketgan. Oqibatda hosil kutilganidan ham yomon natija qayd qilgan. Iqtisodchi Otabek Bakirovning aytishicha, real raqamlar 5 mln tonnaga ham yetmagan. «Balki g‘alla xirmoni haqida rasmiy xabar berilmagani ham shu bilan bog‘liqdir?», — deya savol qo‘yadi u.   Non narxlariga nima ta’sir qiladi? O‘zbekiston Markaziy banki tahlillariga ko‘ra, 2020–2025 yil may oyiga qadar un 73,5 foiz, non esa 77,6 foiz qimmatlashgan. Eng katta o‘sish 2022-yilda kuzatilgan. Bunda Rossiyaning Ukrainaga bosqini asosiy sabab bo‘lgan. Bug‘doyning global va ichki narxlari 2022-yildan buyon keskin va karrasiga arzonlashganiga qaramay, un va non narxi o‘sishdan to‘xtamagan. Yoqilg‘i-energetika, transport, kommunal tariflarning yuqori o‘sishi bug‘doy arzonlashishiga to‘siq bo‘lib turgan. Galla2 2025-2026-yillarda jahon bozorida bug‘doy narxi barqaror saqlanishi kutilmoqda. Xalqaro don kengashi ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda bug‘doy ishlab chiqarish hajmi 806,4 mln tonnaga yetishi prognoz qilindi. Bu asason Yevropa davlatlaridagi hosildorlikning oshishi hisobiga to‘g‘ri keladi. Ammo dunyoda bug‘doy narxi va takliflariga oid keskin o‘zgarishlar haqida xavotirlar saqlanib qolmoqda.   O‘zbekistonda un mahsulotlariga talab qanday? So‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisining o‘sish ko‘rsatkichi o‘rtacha 2 foiz. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga tayanilsa, so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda un ekvivalenti bo‘yicha o‘rtacha yillik iste’mol bir kishi uchun 171 kg atrofida to‘g‘ri keladi. Shundan kelib chiqib, aholis onining har yili o‘rtacha 1 mln kishiga ko‘payishi non va non mahsulotlariga (bug‘doy uniga) bo‘lgan yillik talabni o‘rta hisobda 171 ming tonnagacha oshirishi mumkin. Shu yil aprel holatiga ko‘ra aholi soni 37,7 mln kishi bo‘lsa, boshqa omillar o‘zgarmagan holatda keyingi 5 yilda bug‘doy uniga bo‘lgan yillik talab taxminan qo‘shimcha 670 ming tonnaga oshishi kutilmoqda.   Bug‘doy eksporti va importi Bug‘doy importi hajmi 2020 yilda 2,6 mln tonnadan 2024 yilda 3,6 mln tonnagacha oshgan. Bu qariyb 40 foizga o‘sish degani. Importning 99 foizi Qozog‘istondan kelgan. Galla3 Bug‘doy va un mahsulotlarining eksport hajmi 2,3 mln tonnagacha oshgan. Bug‘doy iste’moli 2020 yildagi 10,5 mln tonnadan 2024 yilga kelib 11,3 mln tonnagacha o‘zgargan. Narxlar esa 2021 yildagi 296 dollardan, deyarli o‘zgarishsiz qolib, 2024-yilda 294 dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilda eksportning 94,2 foizi Afg‘onistonga to‘g‘ri keladi. Solishtirish uchun: 2022-yilda Afg‘oniston ulushi 100 foiz bo‘lgan.   Qozog‘istonda holat qanday? O‘zbekistonning g‘alla bozori asosan Qozog‘iston hosiliga bog‘liq. USDA’ning avgust oyi prognozlariga ko‘ra, Qozog‘iston bu yil 15,5 mln tonna bug‘doy hosil qiladi, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 20 foiz kam. Hosildorlik gektariga 12 sentnerga tushishi kutilmoqda. Shu bois, mamlakat bug‘doy eksportini 10,2 mln tonnaga o‘rniga 8 mln tonnaga qisqartirishi mumkin. Eng katta xaridor – O‘zbekiston. 15 avgust holatiga Qozog‘istonda 1,6 mln tonna bug‘doy yig‘ib olingan. Agar O‘zbekistonning g‘alla xirmoniga oid yolg‘on statistikalar berilsa, kuz-qish mavsumida un va chorva-parrandalarning yem narxi real vaziyatni oshkor qilib qo‘yadi.
«Shuning uchun g‘allaning real raqamlari kerak, shior uchun shishirilganlari emas. Bu nafaqat fermerlarga, balki g‘alla xomashyo bo‘lgan va yondosh sohalarga ham to‘g‘ri va aniq tasavvur asosida prognozlar va qarorlar qabul qilishga yordam beradi. To‘g‘ri va asosli raqamlar ortiqcha ishlab chiqarish (qishloq xo‘jaligi uchun katta muammo) yoki taqchillikni oldini oladi, rag‘batlarni o‘ldirmay, narxlarni barqarorlashtiradi», deb yozmoqda iqtisodchi Bakirov blogida.
Xulosa qilganda, g‘allaga oid haqqoniy hisobotlar e’lon qilinishi kerak. Bu fermerlar uchun ham, yondosh sohalar uchun ham juda muhim. Agar yasama ma’lumotlar berilsa, qishki mavsumga kelib narx-navoning o‘zi real holatni ko‘rsatib qo‘yadi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston g‘allasi: noma’lum statistika, narxlar oshishi va jahon bozoridagi xavf | Vaqt.uz