
O‘zbekiston gaz eksportda yetakchi, import esa keskin tushdi
22.05.2025 | 17:0022063
2025 yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston gaz eksportdan ko‘proq daromad oldi, import esa sezilarli kamaydi. Xususan, Xitoyga gaz sotish 85 foizga o‘sdi, Turkmaniston va Rossiyadan olinadigan gaz hajmi esa uch barobarga tushdi.

2025 yilning yanvar–apre oylarida O‘zbekiston tabiiy gaz eksporti bo‘yicha importdan oshib ketdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda gaz importi 150,5 mln dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan uch barobarga kam.
Yanvarda import hajmi 27,8 mln dollar bo‘lsa, martga kelib 2,7 mln dollargacha tushdi. Aprel oyida esa keskin o‘sib, 112 mln dollarga yetdi. Bu gaz hajmining asosan Turkmaniston va Rossiyadan kelayotgani bilan bog‘liq.
Gaz eksportida esa Xitoy yetakchi hamkor sifatida ajralib turibdi. Yanvar–aprelda Xitoyga 199,7 mln dollarlik gaz eksport qilindi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 85 foizga ko‘p. Birgina aprel oyida eksport 105,4 mln dollarni tashkil etdi. Xitoy bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondan import hajmi 143 mln dollar bo‘lgan, bu ham o‘tgan yilga nisbatan ikki barobardan ko‘p.
Aprelda ichki gaz qazib olish ham yaxshilandi: 3,69 mlrd metr kub gaz chiqarildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 13,1 mln metr kubga ko‘proq. GTL zavodi to‘liq ishga tushgani dizel ishlab chiqarish hajmi 143,5 ming tonnaga yetdi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish 7,37 mlrd kWh gacha ko‘paydi.
Shu bilan birga, neft, gaz kondensati va benzin ishlab chiqarishda pasayish kuzatilmoqda. Sanoat ishlab chiqarish sur’ati sekinlashdi. Sirdaryo esa salbiy o‘sish qayd etilgan yagona hudud bo‘lib qolmoqda.





