add

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qanday bo‘ladi?

Kecha 15:293203 daqiqa

2025 yil O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yorqin yil bo‘ldi. Yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish 7,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Biroq, yangi yilda ham bu ko‘rsatkich saqlab qolinadimi? Vaqt.uz tahlilida o‘qing.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qanday bo‘ladi?

2026 yil oldidan mamlakat iqtisodiyoti haqida kutilmalar biznes va aholi uchun muhim hisoblanadi. Markaziy bank shu maqsadda keyingi yil uchun iqtisodiy kutilmalarni taqdim qildi

 

Iqtisodiy o‘sish

2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti (Yalpi ichki mahsulot) 7–7,5 foiz atrofida o‘sishi kutilmoqda. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. 

Kelasi yilda esa nisbatan qat’iy pul-kredit siyosati bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda budjet taqchilligini 3 foiz atrofida saqlab qolishga harakat qilinadi. 

Natijada, mamlakat iqtisodiyoti 5,5–6,5 foiz oralig‘ida o‘sishi prognoz qilinmoqda. Bu esa iqtisodiy o‘sish 2025 yildagiga qaraganda biroz sekinroq bo‘lishini anglatadi. 2027-2028 yillarda ham iqtisodiy o‘sish 6–7 foiz atrofida bo‘lishi aytilmoqda. 

kutilmalar 01

2025 yilda iqtisodiyot kutilganidan ko‘proq o‘sishiga oltin narxlarining bir necha bor rekord darajada oshgani ham sabab bo‘ldi. Markaziy bank kutilmalariga ko‘ar, iqtisodiyot aslida 5,5–6 foizga o‘sishi kerak edi. 

Qimmat oltin budjet daromadlarini sezilarli oshirdi va hukumat ko‘proq xarajat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish tezlashishiga yordam berdi. 

 

Narxlar o‘sishi

Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar barqarorligini ta’minlash va 5 foizlik inflyatsion targetga erishish hisoblanadi. 

kutilmalar 02

Ayni paytdagi kutilmalarga ko‘ra, 5 foizlik inflatsiya 2027 yilning oxirida bo‘ladi. Biroq, inflyatsion targetga erishish muddati bir necha yildan beri cho‘zib kelinmoqda va bu jarayon yana davom etishi mumkin. 

Joriy yil uchun inflatsiya prognozi 7,3 foiz bo‘lib turibdi. 2026 yilda narxlar 6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 

1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yillik umumiy inflatsiya 7,5 foizni tashkil qiladi. Agarda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan energiya islohoti bo‘lmaganida, hozirda inflatsiya 6,3 foiz bo‘lar edi. 

7,5 foiz — shundoq ham mamlakat uchun ochiq ma’lumotlar bo‘yicha eng past inflatsiya hisoblanadi. 2016 yildan beri bunday past ko‘rsatkich kuzatilmagan. 

 

Asosiy savdo hamkorlarida vaziyat qanday? 

O‘zbekistonning 4 ta asosiy savdo hamkorlari bor — Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiya. Bu davlatlardagi iqtisodiy jarayonlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistonga ham ta’sir qiladi. 

kutilmalar 03

 Manba: Xalqaro valuta jamg‘armasi

2026 yilda asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan Xitoyning iqtisodiyoti 4,2 foizga o‘sishi kutilmoqda. inflatsiya esa 0,8 foiz atrofida bo‘ladi. 

Muammolar ta’sirida bo‘lgan Rossiya iqtisodiyoti atiga 1 foizga o‘sadi. Qozog‘iston va Turkiyada bu ko‘rsatkich mos ravishda 4,8 foiz va 3,7 foiz bo‘lishi kutilmoqda. 

 

JSTga a’zo bo‘lish

2026 yilda O‘zbekiston va nihoyat Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi kutilmoqda. Bu bo‘yicha so‘nggi davlatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. 

Jarayonning iqtisodiyotga ta’siri bosqichma-bosqich namoyon bo‘ladi. Birinchi navbatda import tariflarining o‘zgarishi va mahalliy tovarlarning tashqi bozorlarga kirishi tashqi savdoga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

JSTga a’zo bo‘lish bir tomondan eksport salohiyatini oshirishga, investitsiyalarni jalb qilishga va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Boshqa tomondan, kelgusida tashqi savdoni erkinlashishi va import tovarlari turini kengayib borishi hisobiga import hajmi oshishi va ichki bozorda taklif ortib borishi bilan davom etadi.

Hozircha JSTga a’zo bo‘lish iqtisodiy prognozlarga darhol sezilarli ta’sir qilishi kutilmayapti. Biroq, ta’sir yuzaga chiqishi bilan prognozlar yana qayta ko‘rib chiqiladi. 

Shunday qilib, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026 yilda, 2025 yildagidan sekinroq o‘sishi kutilmoqda. Biroq, inflatsiya pasayishda davom etadi.

Fozil Qambarov tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qanday bo‘ladi? | Vaqt.uz