
O‘zbekiston iqtisodiyotining haqiqiy hajmi ochiqlandi: YAIM 121,4 mlrd dollar
Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayevning ma’lum qilishicha, qayta ko‘rib chiqish natijasida respublika iqtisodiyotining haqiqiy ko‘lami ilgari qayd etilganidan yuqori ekani aniqlangan.

Toshkentda Milliy statistika tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan «Milliy statistikada yangi bosqich: shaffoflik va xalqaro standartlar sari» xalqaro konferensiya hamda matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmini qayta hisoblash natijalari e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda Vaqt.uz muxbiri.
Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamrayev (suratda chapda) konferensiyada ma’lum qilishicha, qayta ko‘rib chiqish natijasida respublika iqtisodiyotining haqiqiy ko‘lami ilgari qayd etilganidan yuqori ekani aniqlangan.
YAIM 5,6 foizga oshdi
Yakuniy hisob-kitoblarga muvofiq, 2024 yil uchun YAIMning nominal hajmi amaldagi 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘mgacha oshgan. Bu — 80,9 trln so‘mlik yoki 5,6 foizlik qo‘shimcha o‘sishni anglatadi.
Yalpi ichki masulot AQSH dollari hisobida esa oldingi hisoblarda 115,0 mlrd dollar, qayta baholashdan so‘ng 121,4 mlrd dollarni tashkil etdi.
Aholi jon boshiga YAIM: 41,3 mln so‘m
Qayta hisoblash natijasida 2024 yilda aholi jon boshiga YAIM hajmi 41,3 mln so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat iqtisodiy salohiyati va qiymat yaratish darajasi oshganini ko‘rsatadi.
budjet qamrovini kengaytirish orqali 36,4 trln so‘m qo‘shimcha qiymat aniqlandi
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil uchun davlat byudjeti ijrosi to‘liq qamrab olingani natijasida hisob-kitoblarga 36,4 trln so‘m miqdorida ilgari qayd etilmagan qo‘shilgan qiymat qo‘shildi. Bu ham umumiy YAIM hajmini oshirgan omillardan biri bo‘ldi.
Tarmoqlar bo‘yicha qayta baholash natijalari quyidagicha:
Sanoat: +12,7 trln so‘m
Qishloq xo‘jaligi: +5,6 trln so‘m
Qurilish: +10,3 trln so‘m
Xizmatlar sohasi: +16,3 trln so‘m
Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, tarmoqlardagi qo‘shimcha qiymat asosan hisobga olinishi kengaytirilgan operatsiyalar, xizmatlar qamrovi va ma’lumotlar bazasining to‘liqligi bilan bog‘liq.
Mutasaddilarga ko‘ra, YAIMning qayta baholanishi aholi daromadlariga yoki kundalik sarf-xarajatlariga darhol ta’sir qilmaydi. Ammo iqtisodiyotdagi haqiqiy qiymat yaratilishining yaxshiroq hisobga olinishi mamlakatning xalqaro reytinglardagi o‘rni, kredit reytingi va investorlar uchun ochiqligiga ta’sir qilishi mumkin. Bunday omillar esa o‘rta muddatda ish o‘rinlari, sanoat quvvatlari va xizmatlar sohasi rivojiga, shu orqali aholi uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Ko‘rsatkichlar yaxshilanib bormoqda
2022 yilda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov 2030 yilga borib O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 160 mlrd dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM 4000 AQSH dollarini tashkil etishi kutilayotganini ma’lum qilgan edi.
2024 yilning oktabrida esa Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 2030 yilga borib 200 mlrd. dollarga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIMni 5000 dollarga yetkazish rejalashtirilganini aytgandi.





