
O‘zbekiston Islom birdamlik o‘yinlarini 96 medal bilan yakunladi
Saudiyada o‘tgan sport musobaqalarida O‘zbekiston delegatsiyasi medallar soni va sifati bo‘yicha umumiy hisobda Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan VI Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumiy hisobda 96 ta medal bilan musobaqani yakunladi. Ular 29 ta oltin, 35 ta kumush va 32 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin Turkiya delegatsiyasiga nasib etdi.
Sportning 23 turi bo‘yicha jami 57 ta mamlakat ishtirok etgan musobaqadaga ushbu natija O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi nufuzi va salohiyatini yana bir bor tasdiqladi. Turli yo‘nalishlarda qatnashgan sportchilarimiz yuqori tayyorgarlik va irodasini namoyon etdi.
Riyod-2025 o‘yinlari nafaqat medallar bilan, balki xalqaro maydondagi imij va sport diplomatiyasi nuqtayi nazaridan ham O‘zbekiston uchun muhim voqelik bo‘ldi. Endi esa e’tibor yangi bosqichdagi musobaqalarga qaratiladi.
Qayd etib o‘tish kerak, 2022 yil Turkiyaning Ko‘nya shahrida bo‘lib o‘tgan V Islom birdamlik o‘yinlarida ham O‘zbekiston delegatsiyasi medallar soni bo‘yicha mezbonlardan so‘ng 2-o‘rinni egallagan edi. O‘shanda 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza — jami 158 ta medal qo‘lga kiritilgan edi.
VII Islom birdamlik o‘yinlari 2029 yilda Indoneziyaning Selangor shahrida bo‘lib o‘tadi.




